Aholini uy-joy bilan ta’minlash – eng muhim vazifa

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumani “Choshtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan yangi uy-joylar bilan tanishdi.
Bu yerda Toshkent shahar hokimligi tomonidan ajratilgan 30 gektar yer maydonida chet ellik investorlar ishtirokida yangi qurilish texnologiyalari asosida jami 4 ming 20 xonadonli 72 ta 7 qavatli uy qurilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yildan boshlab mamlakatimizning barcha shaharlarida turar joyga muhtoj oilalar uchun arzon va har tomonlama qulay uy-joylar qurilishi boshlandi. Aholi uchun zarur bo‘lgan bunday arzon uylar uzoq yillar davomida Toshkent shahrida birorta ham qurilmagan edi. Shaharlarda qurilgan uylar ham asosan qimmat tijorat uylari bo‘lib, bu uylarni ijtimoiy himoyaga muhtoj va byudjetdan maosh oladigan oilalar olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
Shularni inobatga olgan holda, Sergeli tumanida 2017-2022-yillarda 500 ko‘p qavatli uy qurilishi bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi. Bu yirik loyihaning amalga oshirilishi qariyb 30 ming oilaning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi.
34ca4e74-c7ee-bad6-7ed1-ceef18fe69f6.jpg
Mazkur dastur ijrosi doirasida 2017-yilda Toshkent shahrining Sergeli tumanida 102 ko‘p qavatli arzon uylar qurilib, 4 ming 88 xonadon o‘z egalariga topshirildi.
2018-yilda Toshkent shahrida barcha manbalar hisobiga qariyb 28 ming xonadonli 638 ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Jumladan, zamonaviy loyihalar asosida jami 15 ming 740 xonadonli 334 arzon uylar qurilishi amalga oshirilayotgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar ko‘pdir.
49172fce-3d44-a7e0-b4d1-929b50b71e6d.jpg
“Choshtepa” mahallasida qurilayotgan uylar mahalliy byudjetga prognozga nisbatan qo‘shimcha tushumlar hamda homiylar mablag‘lari hisobiga barpo etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Uylar Toshkent shahar hokimligi tasarrufida bo‘lib xonadonlardan bir qismini uy-joyga muhtoj nogironlarga bepul berish, qolganlarini muhtoj oilalarga vaqtincha yashab turish uchun va keyinchalik imtiyozli kredit rasmiylashtirgan holda xususiy mulk sifatida berish belgilangan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur uylar joriy yilning 20 dekabriga qadar foydalanishga topshiriladi.
Prezidentimiz qurilish jarayoni bilan tanishar ekan, uylarning mustahkam va pishiqligiga, ularni qurishda zamonaviy, yangi va samarador texnologiyalardan foydalanilayotganiga e’tibor qaratdi.
– Uylar qurilishida har jihatdan qulay va sifatni ta’minlovchi ilg‘or texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Mamlakatimizda bu kabi uylar qurilishi tizimli davom etadi. Shu bois quruvchi kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Yoshlarimiz qurilish sanoatida eng so‘nggi texnologiyalarni, innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qodir bo‘lishi zarur.
Davlatimiz rahbari uylar qurishning zamonaviy yutuqlarini o‘zlashtirish, bunday uylarni boshqa joylarda ham loyihalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

 

Alouddin G‘afforov, O‘zA