Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda, jinoyatchilikning oldini olish va uni fosh etishda sud ekspertizasining o‘rni juda muhim.
Ma’lumki, Yangi Konstitutsiyaning 28-moddasida agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi qayd etilgan.
Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda gap bordi.
Markaz tomonidan olib borilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida markaz rahbariyati ma’lumot berar ekan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qaror va ajrimlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida izchil faoliyat yuritilayotgani ta’kidlandi.
2020 yilda 923 mingdan ziyod ob’ekt bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib, 28 ming 678 xulosa va mutaxassis fikrlari berilgan bo‘lsa, joriy yilning 8 oyi davomida 3 milliondan ortiq ob’ekt bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib, 26 mingdan ziyod ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari berilgan.
Bu esa sud va tergov idoralarining sud-ekspertizasiga ehtiyoji yildan-yilga tobora oshib borayotganidan dalolat beradi.
Markazda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida keyingi 4 yilda bir qator yangi sud-ekspertiza turlari joriy qilindi. Jumladan, sud-lingvistika, sud-kompyuter-texnik, sud-avtomobil yo‘llari, sud-elektrotexnika, sud-psixologik, oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizasi, sud-soliq, oziq-ovqat mahsulotlarini baholash ekspertizasi, sovuq qurollarning kriminalistik ekspertizasi kabi yangi ekspertiza va tadqiqot turlari yaratildi va sud ekspertlik amaliyotiga tatbiq etildi. Natijada markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 44 tadan 57 taga oshgan bo‘lsa, tadqiqot turlari esa 92 taga yetkazildi.
Markaz laboratoriyalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida ular ISO/IEC 17025 xalqaro standartiga muvofiq akkreditatsiya qilinib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ldi.
Hozirda markazning “Sud-ballistika va trasologiya” laboratoriyasini va yangi tashkil etilgan “Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi” bo‘limini ham ISO/IEC 17025 xalqaro standartiga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Sohada ilk marotaba “Sud-ekspertiza” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasi tashkil etilib, MTK-545 “Sud ekspertiza” Standartlashtirish bo‘yicha davlatlararo kengashiga hamda ISO/TS 272 “Forensik sayns” xalqaro texnik qo‘mitasiga a’zolikka qabul qilindi va uning 19-kuzatuvchisiga aylandi.
N.Abduraimova, O‘zA