Huquqiy munosabat
Ma’lumki, o‘quv yurti ma’muriyati tashabbusi bilan talabani o‘qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasi fikri asosida amalga oshiriladi.
Qaysi hollarda talaba talabalar safidan chetlashtirilishi mumkinligi yuzasidan savolga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev javob berdi.
–Talabalar quyidagi holatlarda o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-son qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, o‘z xohishi bilan, o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan, o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq qoidalarini buzgani uchun bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgani sababli talaba talabalik safidan chetlashtirilishi mumkin.
Shuningdek, o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun), talaba ozodlikdan sud tomonidan mahrum etilgani munosabati bilan, sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzgani aniqlangan kabi xolatlarda ham talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi.
Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida hamda oilasining betob a’zosini, jumladan, otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandini parvarish qilish uchun talabaga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda akademik ta’til berilishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA