Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, shu yilning 16 avgust kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan, 17 avgust kuni esa O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan va O‘zbekiston «Adolat» sotsial demokratik partiyasidan saylovda ishtirok etishga ijozat berish to‘g‘risidagi arizalar «E-saylov» axborot tizimi orqali Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushdi. Siyosiy partiyalarning arizalari taqdim etilgan kunning o‘zida ularning vakolatli vakillari o‘z partiyalarining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzosi qo‘yilgan imzo varaqalarini ham Markaziy saylov komissiyasiga topshirdi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalarini tekshirish bo‘yicha jami 33 nafardan iborat ekspertlar guruhlari tuzildi. Mazkur ekspertlar guruhlari Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi malakali mutaxassislari, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi va quyi tizimlari ekspertlari, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari va fuqarolik jamiyati instituti vakillaridan iborat bo‘lib, ular taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini saylov qonunchiligiga muvofiq tekshirib chiqdi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, har bir siyosiy partiya 40 mingdan ortiq haqiqiy imzo to‘plashga muvaffaq bo‘lganligi aniqlandi. Shundan kelib chiqib, siyosiy partiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Saylov kodeksining 69-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalardan hujjatlarning kelib tushishi navbatiga asosan birinchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga, ikkinchi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasiga, uchinchi, O‘zbekiston Ekologik partiyasiga, to‘rtinchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga, beshinchi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial demokratik partiyasiga ijozat berildi.

Ma’lumki, Saylov kodeksining 31-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.

Shuningdek, videokonferensaloqa shaklida o‘tgan yig‘ilishda bir qator hududiy saylov komissiyalarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borayotgan ishlari xususidagi axborotlari tinglandi.

Muhtarama Komilova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA