O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik keng ko‘lam kasb etgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi barcha sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tardi. O‘zaro tashriflar faollashdi.

Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Igor Shuvalov mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Mamlakatlarimiz Prezidentlari o‘rtasida do‘stona munosabatlar qaror topgan. Rossiya Federatsiyasi hukumatiga O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli barcha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Yaqinda men Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining Rossiya tomonidan raisi etib tayinlandim. Buni juda muhim va mas’uliyatli vazifa, deb bilaman. Chunki O‘zbekiston buyuk tarix va ulkan iqtisodiy salohiyatga ega, Markaziy Osiyodagi yirik mamlakat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatli, istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Energetika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish masalalariga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi mamlakatlar ishtirokidagi kooperatsion loyihalar ham bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Eksport hajmini oshirish uchun temir yo‘llardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari Rossiya bozoriga yetkazib berilmoqda. Biz Rossiyada ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talab yuqoriligini inobatga olgan holda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish niyatidamiz. Buning uchun eksportchi korxonalarga keng imkoniyat berish, bojxona va fitosanitariya xizmatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, fan-ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Tashrif davomida Toshkentning qadimiy, ayni paytda zamonaviy bozorlaridan birida bo‘ldik. O‘zbekistonda bozorlar faqat savdo majmuasi emas, ulkan madaniyat maskani hamdir. Rossiyada ham shunday bozorlar tashkil etishni istardik.

 

Anvar Samadov, O‘zA