Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan AQSHning Jon Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, professor Frederik Starr boshchiligidagi xalqaro ekspertlar guruhi Samarqandga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan tanishishni Hazrati Xizr majmuasidan boshladi. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, ulug‘ Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Shundan so‘ng, xalqaro ekspertlar guruhi Amir Temur maqbarasi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda majmuasi va boshqa maskanlarda bo‘ldi.
Mazkur obidalar bilan tanishuv chog‘ida mehmonlarga ajdodlarimizdan meros qadimiy bino va inshootlarning yaratilish tarixi, ularni asrab-avaylash borasida davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xalqaro doiralarda e’tirof etilgan institut xodimlari, olimlar yurtimizda tarixiy yodgorliklarni asl holida saqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuksak baho berib, turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
– Tarixiy obidalar, musaffo tabiat va mahalliy aholining o‘ziga xos turmush tarzi turizmning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi, – deydi F.Starr. – Samarqandga ham sayyohlar ana shu go‘zalliklardan bahramand bo‘lish, shaharning tarixiy qiyofasi va go‘zal tabiatini ko‘rish uchun keladi. Men bir necha marta bu qadimiy kentda bo‘lganman va har gal yangi taassurotlar bilan qaytaman. Keyingi yillarda yurtingizda tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularning asl ko‘rinishini yo‘qotmasdan saqlashga e’tibor kuchayib bormoqda. Shuningdek, yangi bog‘ va xiyobonlar tashkil etilayotgani, tarixiy binolar atrofi obod etilayotgani tahsinga sazovor. Bu borada turizmi rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish yana ham foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.