Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Unda ishtirokchilar “Suv tanqisligi: global miqyosda va O‘zbekiston uchun ahamiyati – iqtisodiy o‘sish va jamiyat farovonligiga ta’siri”, “O‘zbekiston uchun muhim tarmoqlarda suv muammolarini bartaraf etish bo‘yicha eng yaxshi suv resurslarini boshqarish amaliyotlari”, “Qiyinchiliklarni yengish uchun mamlakat miqyosida qisqa muddatli va uzoq muddatli strategiyalar. Davlat, jamiyat va biznesning roli. Manfaatdor tomonlar hamkorligi modellari – davlat-xususiy sheriklik” kabi mavzularda o‘zaro muloqot qilmoqda va taqdimotlar  o‘tkazmoqda.

Shuningdek, forum doirasida suvni samarali boshqarishga investitsiyalar – yashil moliyaviy mahsulotlar, xalqaro institutlar tomonidan moliyalashtirish, bozor tamoyillariga asoslangan rag‘batlantirish, tartibga solish muhiti, yangi muqobil, ilg‘or texnologik yechimlar bo‘yicha ham qizg‘in muhokamalarga kirishib, tajriba almashmoqda.

O‘zA muxbiriga intervyu bergan O‘zbekiston Respublikasining Nagoya shahridagi faxriy konsuli Xiroyuki Ito ushbu yirik tadbir ishtirokchi davlatlar uchun har tomonlama imkoniyatlarga keng yo‘l ochishini ta’kidladi.

–Ochig‘ini aytish kerakki, ushbu forum deyarli barcha sohalarni qamrab olgan keng qamrovli muloqot maydoniga aylanmoqda. Ishtirokchilar o‘z imkoniyatlari xususida ma’lum qilib, hamkorlikka undayotgani quvonarlidir.

Forumda Yaponiyadan kelgan yirik kompaniya vakillaridan iborat delegatsiya bilan birgalikda qatnashyapman. O‘zbekistonga investitsiya jalb qilish va bu borada yurtingizda yaratilayotgan qulayliklar haqida Prezident ishtirokida o‘tkazilgan bugungi yig‘ilishda muhim ma’lumotlar berildi.

Men O‘zbekiston Respublikasining Nagoya shahridagi faxriy konsuli sifatida faoliyat yurityapman. Bir yil mobaynida 5 mingdan ortiq yapon kompaniyasiga O‘zbekiston va uning imkoniyatlarini tanishtirish ishlarini olib boraman. Bunday tanishtirish yapon kompaniyalari qiziqishini oshirishda katta rol o‘ynaydi.

Forum ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda va unda ishtirok etayotganimdan mamnunman. Ushbu tadbir keyingi hamkorlikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.

Yana bir jihatni ta’kidlashni istar edimki, yurtingizdagi investitsion muhit, qulayliklar va yaratilayotgan huquqiy me’yorlar, investitsiya jalb qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar e’tirofga loyiq. Umuman, yer masalasi, yurtingizga investitsiya jalb qilish borasidagi huquqiy tartiblarning mavjudligi yapon kompaniyalari uchun juda muhim.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA