Poytaxtimiz yana bir yirik anjumanga mezbonlik qilmoqda. Bugun Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur an’anaviy tadbir qisqa muddatda istiqbolli sheriklar bilan muloqot qilish yangi kelishuvlarga erishishda nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim maydonga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagan yalpi sessiyada BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Tatyana Molchan, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Singapur Parlamenti Spikeri Sia Kian Peng, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa ham qatnashdi.

Toshkent investitsiya forumi yil sayin xalqaro ishbilarmon doiralarda tobora yuksak e’tirof qozonmoqda. 2022-yil ilk forumda 56 davlatdan bir yarim mingga yaqin yirik investor, mashhur korporatsiyalar vakillari, kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan bo‘lsa, bu gal poytaxtimizga 93 mamlakatdan ikki yarim mingga yaqin jahonning eng ilg‘or investorlari yetib kelishgan.

Xorijlik sarmoyadorlarning forumga qiziqishi juda yuqoriligini imzolanayotgan yangi shartnomalar misolida ham ko‘rish mumkin. Aytish joiz, bu galgi forum samarasi nafaqat davlat miqyosida seziladi, balki har bir oilaga kirib boradigan mega loyihalar uchun asos bo‘ladi. Bunday fikrlar xorijlik ekspertlar tomonidan bildirilyapti.

Ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yil 11 milliard dollarlik 164 bitim va shartnoma kuchga kirgan, uchinchi anjumanda esa yigirma milliard dollardan ziyod qiymatga ega jami 90 ta kelishuvga erishish kutilyapti. Eng muhimi, muntazam ravishda O‘zbekistonga qiziqish ortib, iqtisodiyotimizga sarmoya kiritish istagidagi davlatlar ro‘yxati kengaymoqda.

Xorijlik ekspertlar fikricha, ayniqsa, xalqaro maydonda kuzatilayotgan inqiroz davrida Toshkent xalqaro investitsiya forumining muhim ahamiyati yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Bugun forum doirasida Suv tanqisligining global miqyosda va O‘zbekiston uchun ahamiyati – iqtisodiy o‘sish va jamiyat farovonligiga ta’siri, O‘zbekiston uchun muhim tarmoqlar – qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, kommunal xo‘jalik sohalarida suv muammosini bartaraf etishga qaratilgan eng samarali suv resurslarini boshqarish amaliyoti, Mamlakat miqyosida qiyinchiliklarni yengishga yo‘naltirilgan qisqa va uzoq muddatli strategiyalar, manfaatdor tomonlar hamkorligi modeli – davlat-xususiy sheriklik, samarali suv boshqaruviga investitsiya – yashil moliyaviy mahsulot, xalqaro institutlar tomonidan moliyalashtirish, bozorga asoslangan rag‘batlantirish, tartibga solish muhiti, yangi muqobil, ilg‘or texnologik yechim, O‘zbekiston uchun suv tejovchi texnologiyadan foydalanish kabi dolzarb mavzularni qamrab olgan sessiyalar bo‘lib o‘tyapti.

Forum haqidagi batafsil ma’lumotlarni uza.uz sayti orqali kuzatib borishingiz mumkin.

Go‘zal Sattorova,

Nosir Haydarov (surat), O‘zA