Bugun, 2-maydan boshlab yer egalari shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda tuproqning mavjud unumdor qatlamini sidirib olishi va saqlashi shart bo‘ladi. Bunga doir tegishli Qonun kuchga kirmoqda.

Joriy yilning 2-fevral kuni Davlatimiz rahbari tomonidan «Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida»gi Qonun imzolangan edi.

Qonun bilan tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi asosiy prinsiplar, sohani davlat tomonidan tartibga solish, tuproq unumdorligini oshirish asoslari va tartibi belgilangan.

Jumladan, yer egalariga Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutidan o‘ziga tegishli yer uchastkasidagi tuproqning sifatini baholash to‘g‘risida axborot olish huquqi berildi.

Yer egalari shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda tuproqning mavjud unumdor qatlamini sidirib olishi va saqlashi shart etib belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, sidirib olingan tuproqning unumdor qatlamini qurilish tashkilotlari hokimliklar tomonidan belgilangan joylarga saqlash uchun olib chiqadi.

Tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmaganligi va saqlanmaganligi fakti aniqlanganda, yetkazilgan zararning o‘rni mahalliy byudjetga qoplanadi. Mazkur pul mablag‘laridan qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun foydalaniladi.

Tuproqni o‘rganish Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklarining vakolatli tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kirishi nazarda tutilgan edi. Ya’ni, bugun 2-may kunidan Qonun rasman amalda.

Umidjon Qurbonov, O‘zA