O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida 17-avgust kuni Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vaziri Saken Jasuzoqov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda Qozog‘iston bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda hamda do‘stona munosabatlar yuksak qadrlanadi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida harbiy, harbiy-texnik va harbiy ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlikning bugungi holati xususida so‘z yuritildi. Tomonlar mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat yuzasidan ham o‘zaro fikr almashdi.

Tadbirda ikki mamlakat Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik rejasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatga muvofiq kelgusida mudofaa sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA