Koreya Respublikasi – sog‘liqni saqlash sohasida dunyoning peshqadam davlatlaridan biri. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 83,5 yoshga teng. 60-yil avval mazkur raqamlar bor-yo‘g‘i 53 yoshni tashkil etganini hisobga olsak, ushbu davlatda tibbiy xizmatlar sifati yil sayin jadal o‘sib borayotgani oydinlashadi.

Bu, avvalo, mamlakatda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, diagnostika va davolash jarayonlariga tatbiq etilayotgan innovatsion texnologiya hamda ilg‘or yondashuvlar bilan bog‘liq.

Shu bois ushbu davlat bilan tibbiyot yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.

SSV matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, ayni kunlarda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farhod Toshpo‘latov boshchiligidagi vazirlik mas’ullari hamda yurtimizning yetakchi tibbiyot muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Dastlab delegatsiya Inchon shahridagi Katolik universitetning Muqaddas Mariya xalqaro kasalxonasi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu – Janubiy Koreyadagi eng yirik shifoxonalardan biri bo‘lib, 22 ta yer usti va 6 ta yer osti qavatlardan iborat va 1374 o‘ringa ega.

Muassasada mamlakatda birinchi bo‘lib buyrak, shox parda, ingichka ichak, allogen gematopoetik o‘zak hujayra transplantatsiyalari kabi murakkab operatsiyalar amalga oshirilgan. Shuningdek, saraton kasalligini davolash uchun tomoterapiyadan foydalanila boshlagan. Bundan tashqari, shifoxonada yuqori chastotali fokuslangan ultratovush tekshiruvi qo‘llanilib, bu bemorlarga og‘riqsiz davolanish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining «ImmunisBio» kompaniyasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi. Kompaniya yoshga bog‘liq kasalliklar va immun disfunksiyasi terapiyasi sohasida novator hisoblanadi. Hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududida ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlardan foydalangan holda hujayra terapiyasi (NK, CAR-T, CAR- NK) loyihasini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha qiymati 3 million AQSH dollariga teng.

Delegatsiya vakillari «YUHAN Pharmacy» farmatsevtika kompaniyasi faoliyati bilan tanishib, ushbu sohadagi eng yirik kompaniya rahbari Kim Jongsu bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Shuningdek, delegatsiya «POSCO INTERNATIONAL CORP» kompaniyasi bosh ofisiga tashrif buyurib, vitse-prezident Tay Xi Li bilan uchrashdi. Koreya Eksimbanki va «HUNDAY» kompaniyasi rahbariyati bilan ham rasmiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zA