Yurtimiz maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ya’ni bog‘chalarda tarbiyalanuvchilarning ovqatdan zaharlanish holatlari uchrab turgani, hech kimga sir emas. Ayniqsa, o‘tgan 2023-yilda bu kabi holatlar bir necha bor qayd etildi.

Farzandlarimiz salomatligi, hayoti haqida gap ketar ekan, aslo loqaydlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Xo‘sh, bu kabi noxush holatlarning oldini olish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oziq-ovqat sifati va xavfsizligi bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?  

AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Maktabgacha ta’lim agentligi mutasaddilari ana shular haqida ma’lumot berdi.

Anjumanda qayd etilishicha, bugungi kunda respublikamizda 6 824 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularning 1 172 sasida 83 nafar tadbirkor tomonidan autsorsing xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Qolgan 5 652 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida an’anaviy usulda ovqatlantirish tashkil etilgan.

Maktabgacha ta’lim agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023-yil 23-maydagi «Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish uchun Yagona mavsumiy taomnomalarni tasdiqlash va amaliyotga joriy qilish to‘g‘risida» qo‘shma qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan 2023-yilning 1-sentyabridan respublikaning barcha hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bog‘chalar uchun taomlar retsepti to‘plamidan foydalangan holda tuzilgan 10 kunlik Yagona mavsumiy taomnoma asosida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish tashkil etildi.

Shu bilan birga, bog‘chalar uchun taomlar retsepti to‘plami asosida sifatli ovqatlar va pishiriqlarni tayyorlashda xodimlarga qulayliklar yaratish maqsadida «Yagona mavsumiy taomnoma» bo‘yicha videoroliklar tayyorlandi.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni ta’minlash maqsadida hududlarda o‘quv-seminarlar o‘tkazish uchun reja-dasturlar ishlab chiqilib, mazkur o‘quv-seminarlarda ovqatlantirishga mas’ul bo‘lgan DMTT direktorlari, hamshiralar, oshpazlar, xo‘jalik mudirlari ishtiroki ta’minlandi.

Seminar-treninglar davomida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etish yuzasidan bilimlar berildi.

Bu borada xalqaro tajriba qanday?  

Rivojlangan davlatlarning ijobiy tajribalari asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda maktablarda ovqatlantirishning muqobil usullarini joriy etish, ovqatlantirish kombinatlari faoliyati tashkil etilishini o‘rganish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Qozon, Moskva shaharlari hamda Volgograd viloyati, shuningdek, Koreya Respublikasiga xizmat safarlari tashkil etildi.

«Maktabgacha ta’lim tizimida bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, gigiyena va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishda kompetensiyaviy yondashuvni joriy etish» mavzusida amaliy konferensiyalar o‘tkazildi. Unda 718 nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlarning rahbarlari, metodist va pedagoglari o‘qitildi va 60 nafar trener tayyorlandi. «MTTda oziq-ovqat xavfsizligining tamoyillarini o‘rganish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish» mavzusidagi malaka oshirish treninglarida 180 nafar direktor, oshpaz va xo‘jalik mudirlari o‘qitildi.

Shuningdek, dastur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi maqsadli 60 ta DMTTning sanitariya gigiyena xonalari (hojatxonalar), suv ta’minoti tizimi hamda oshxonalar ta’mirlandi va zamonaviy kerakli jihozlar bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda 100 ta maqsadli DMTTda bu boradagi ishlar davom etmoqda.

«Aqlvoy oshpaz» bolalar bog‘chalari uchun retseptlar to‘plami qoraqalpoq tiliga o‘girildi va 150 dona kitob nashr qilindi. «Ta’lim uchun oziq-ovqat va bolalar ovqatlanishi» dasturi doirasida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga O‘zbekistonga beg‘araz yordam sifatida 4 turda boyitilgan oziq-ovqat (20 tonna o‘simlik yog‘i, 40 tonna guruch, 80 tonna un va 10 tonna sariq yarim no‘xat) mahsulotlari olib kelindi va tarqatildi.

Maktabgacha yoshdagi bolalar salomatligini muhofaza qilish, gigiyena qoidalariga rioya qilish va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha DMTT uchun axborot materiallari o‘zbek va qoraqalpoq tillarida ishlab chiqildi va 300 to‘plamda chop etildi.

Hozirda DMTT oshpazlarining malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan «Bolalarni sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish» o‘quv markazini va tarbiyalanuvchilarga taom tayyorlashga mos bo‘lgan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan «Oshpazlar studiya»sini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Anjumanda  jurnalistlarning savollariga javob berildi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA