Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

“Misrga darvoza” nashri Misr ta’lim va texnik ta’lim vaziri doktor Rido Xijaziy va O‘zbekiston Respublikasining Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev bilan o‘tgan muloqotini yoritdi.

Maqolada ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik tarixiy ildizlarga ega mustahkam aloqalar, imzolangan qo‘shma hujjatlar va kelishuvlar doirasida ta’lim, ayniqsa, arab tilini o‘qitish yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashish yo‘llari istiqboli ta’kidlangan.

Doktor Rido Xijaziy Misrda ta’lim islohoti 2018-yildan boshlangani va vazirlikning strategik rejasida bandlik va mehnat bozorini barpo etuvchi aniq maqsadlar, ta’lim tizimining turli jihatlarini rivojlantirish yo‘lida vazirlik tomonidan katta sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. U, shuningdek, Misrda texnik ta’limning iqtisodiyotdagi muhim o‘rni, xususiy sektorning maktablarga, ayniqsa, amaliy texnologiya maktablariga jalb etilishi tufayli so‘nggi paytlarda juda muhim o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganiga e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, elchi Mansurbek Qilichev Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarga yuksak baho berib, ikki davlat xalqlarining tarixiy, madaniy va diniy mushtarakligi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi, Misrning istiqbolli hamkor sifatidagi muhim rolini urg‘uladi. Ikki davlat o‘rtasidagi samarali hamkorlik orqali oliy ta’lim sohasida ilg‘or Misr tajribasini o‘rganishdan manfaatdor ekanini e’tirof etdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish, O‘zbekistondan Misr oliygohlarida ta’lim olish uchun kelayotgan talabalar sonini ko‘paytirish va texnik ta’limi bitiruvchilaridan yurtimiz taraqqiyotida foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA