Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “WikiStipendiya jamoaviy marafoni: maqsad va kutilayotgan natijalar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Marafon Jahon internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlarni ko‘paytirish hamda talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Anjumanda Yoshlar ishlari agentligi direktorining Davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mehrinoz Abbosova “WikiStipendiya”ning imkoniyatlari hususida tushunchalar berdi.

Ma’lumki, internet tarmoqlarida vikipediya ko‘p tilli, erkin, internet ensiklopediyasi hisoblanib, u ko‘ngillilar jamoasi tomonidan ochiq hamkorlik asosida yuritiladi. Vikipediya bugunga kelib, eng katta va eng ko‘p murojaat qilinadigan ma’lumotlar manbasiga aylangan.

Ma’lumot joylashning afzalliklaridan biri bu axborotning barcha tillarga ulanishidir.  Bu borada “WikiStipendiya” loyihasi samarali ko‘mak beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi “2024-2025-yillarda Internet jahon axborot tarmog‘ida o‘zbek milliy kontentini yanada rivojlantirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini, davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlarni ko‘paytirish hamda iqtidorli talabalarni munosib rag‘batlantirish maqsadida “WikiStipendiya” jamoaviy marafoni yo‘lga qo‘yildi.

Loyiha O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Respublika yosh ijodkorlar kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Jamoaviy marafon 2024-yilning 1-mayidan 1-dekabriga qadar davom etadi. Unda marafon nizomida belgilangan tartibda shakllangan barcha jamoalar qatnashishi mumkin.

G‘olib guruhlarga pul mukofotlari beriladi. Jumladan, 1-o‘rin 150 million so‘m, 2-o‘rin 125 million so‘m, 3-o‘rin 100 million so‘m miqdorida bir martalik stipendiya bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA