Avval xabar qilganimizdek, Termiz shahrida transport idoralari rahbarlari, ekspeditorlik kompaniyalari va biznes vakillari ishtirokida Hind okeani portlariga chiqish uchun “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish yuzasidan ko‘p tomonlama xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov, Belarus transport va kommunikatsiya vazirining birinchi o‘rinbosari Valeriy Verenech, Rossiya Federatsiyasi transport vaziri o‘rinbosari Dmitriy Zverev, Afg‘oniston transport vaziri Hamidulla Oxunzoda oflayn, Pokiston temir yo‘llar vaziri o‘rinbosari Ali Shax Sayid Mazxar va Qozog‘iston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Maksat Kaliakparov onlayn ishtirok etdi.

Uchrashuvda “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘lamini oshirib, quruqlik yo‘laklari bo‘ylab xalqaro yuk tashish hajmini ko‘paytirish, MDH, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining Yevroosiyo global transport-logistika tizimidagi rolini kengaytirishda yaxshi samaralar berishi ta’kidlandi. Turli transport kompaniyalari va biznes tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratib, transport yo‘laklarini optimallashtirish va logistika jarayonlarini takomillashtirish qayd etildi. O‘tmishda ham O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ko‘prik vazifasini o‘tagani haqida fikr almashildi.

Soha mutasaddilarining fikricha, davrlar o‘tishi bilan turli tarixiy jarayonlar sababli bu aloqalar ancha susayib qolgan. Hozirgi geosiyosiy murakkab sharoitda Afg‘oniston orqali o‘tuvchi Transafg‘on transport koridorini amalga oshirish transport sanoati va tranzit yo‘laklarni rivojlantirishning tamomila yangi istiqbollarini belgilab beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan mintaqamizning transport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqib, rivojlantirish bo‘yicha yirik tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, “Xitoy– Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi va bevosita Pokiston portlariga chiqish tashabbusi transport logistika tarmog‘ini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Transafg‘on temir yo‘l loyihasini ishga tushirish ham soha uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu loyiha yakuniga yetguncha, Afg‘oniston orqali yuk tashuvlarni faollashtirish uchun multimodal tashuvlarni amalga oshirish o‘z samarasini beradi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham transport tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish, xalqaro logistika koridorlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va bu orqali milliy iqtisodiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish belgilangan.

Aytish lozimki, o‘tgan yili noyabrda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Toshkent shahrida o‘tkazilgan birinchi transport forumida Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan Hind okeani portlariga chiqish uchun “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” xalqaro transport yo‘lagini yaratish va rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi. Muhim kelishuv qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan dastlabki uchrashuvda ishtirokchi davlatlar delegatsiyasi a’zolari yangi koridor ahamiyatini yuqori baholadi.

– Bugungi tadbir “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” xalqaro transport yo‘lagini yaratishga yo‘naltirilgan yangi loyiha bo‘lgani bilan ham juda ahamiyatli, -deydi Belarussiyadagi “BTLS” davlat korxonasi bosh direktori Sladkevich Andrey. – Bu yo‘lak nafaqat yuklarni tashishda tadbirkorlarga katta qulaylik beradi, balki barcha ishtirokchi davlatlar transport-logistika imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

– Bu loyiha afg‘on ishbilarmonlari uchun yuklarni tashishga qator qulaylik yaratadi, – deydi afg‘onistonlik tadbirkor Xoji Nijobat Xaydari. – Biz bunday imkoniyat uchun o‘zbek qo‘shnilarimizdan juda minnatdormiz. Yuk tashuvlarimiz kengaytirilayotgani loyihada ishtirokchi barcha davlatlarga naf keltiradi. Tadbirkorlik rivojlanadi. Mana, Termizga katta hajmdagi mandarin, kartoshka keltiryapmiz. Bu yoqdan piyoz, loviya kabi tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari olib ketmoqdamiz. Yangi koridor ishtirokchi boshqa davlatlar bilan ham savdo aloqalarimizni rivojlantirishiga ishonamiz.

Mutaxassislarning aytishicha, o‘tgan yili transafg‘on yo‘lagi orqali bir million tonnadan ortiq yuk o‘tgan. Termizda tashkil etilgan uchrashuv ham xalqaro multimodal transport yo‘lagini MDH davlatlarini Hind okeani havzasi mamlakatlari bilan Janubiy Osiyo orqali bog‘laydigan muhim strategik koridorga aylantirishga xizmat qiladi.

– Multimodal koridorni yana ham rivojlantirish uchun bu yo‘lakdan o‘tuvchi, ya’ni yuk yig‘iladigan loyiha ishtirokchilari bo‘lgan mamlakatlarning davlat va xususiy sektor vakillarini bir joyda birlashtirib, undan harakatlanishda mavjud muammolarini o‘rganish va yechimini topishga ko‘maklashish maqsadida uchrashuv tashkil etdik, – deydi O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika muammolarini o‘rganish markazi direktori Behzod Xolmatov. – Transafg‘on yo‘lagi ilgari noqulay koridor hisoblangan bo‘lsa, endilikda u ishonchli va qulay yo‘lakka aylanmoqda.

Uchrashuvda qatnashgan transport sohasi rahbarlari o‘tgan davrda o‘zlarida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Masalan, Afg‘oniston transport vaziri xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan olib borilgan ishlarni qayd etdi. Pokiston portlarida yuklarni qabul qilish, yetkazib berish borasidagi ishlar taqdim etildi. Biz ham Belarus, Rossiya, Qozog‘istonda yig‘iladigan yuklarni O‘zbekiston orqali Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonga tranzit yetkazib berish imkoniyatlarimizni, eksport salohiyatimizni ko‘rsatib berdik.

Tadbir doirasida B2B, G2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, tadbirkorlarga mintaqaviy yuk tashishda yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar muhokama etildi.

Mehmonlar “Termiz” xalqaro savdo markazida yaratilayotgan qulayliklar va “Termez Cargo Centr” markazida yuklarni qabul qilish, saqlash, jo‘natish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

Tadbirda Prezidentimizning Afg‘onistondagi maxsus vakili Ismatullo Ergashev ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻrtasida  “yoʻl xaritasi” imzolandi. Unda  yuk tashuvlarini rivojlantirish yuzasidan aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni amalga oshirish belgilangan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri