Toshkentda «Samarali boshqaruv – O‘zbekistonda davlat boshqaruvi salohiyatini qo‘llab-quvvatlash» loyihasi hamda «Strategik rejalashtirish va xodimlarni davlat xizmatiga jalb qilish» mavzusida seminar mashg‘ulotlari o‘z ishini boshladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralarning inson resurslarini rivojlantirish bo‘linmalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – davlat xizmatchilari bilim va ko‘nikmasini oshirish, davlat xizmatini rivojlantirishga oid strategiyalar ahamiyatini yetkazish, kadrlar faoliyatini rejalashtirishda ilg‘or tajribalar bilan bo‘lishishdir.

Seminarda xorijiy ekspertlar davlat xizmatida qisqa va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish, inson resurslarini boshqarish kabi mavzularda nazariy va amaliy tajribalari haqida fikr almashadi.

Aytib o‘tish kerakki, inson resurslarini boshqarish (Human Resources Management – HRM, yoki HR) tashkilotning xodimlarni ishga yollash, boshqarish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ichki siyosati yoki ichki kompleks funksiyasi hisoblanib, inson faoliyatiga ta’sir qiluvchi barcha jarayonlar va dasturlar HRning bir qismidir.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, HRning asosiy strategik funksiyalari korxona va biznes strategiyasini muvozanatlash, tashkilotdagi jarayonlarning reinjiniringi, tashkilot xodimlari bilan o‘zaro axborot aloqasi, o‘zgarishlarni boshqarishdir. HR menejeri tashkiliy yetakchilik va boshqaruv madaniyati monitoringi uchun javobgar hisoblanadi. HR makonda farq qilishi mumkin bo‘lgan bandlik va mehnat qonunlariga rioya qilishni ta’minlaydi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, umumiy va xususiy inson salohiyatini shakllantirish mexanizmlari yetarli darajada ishlab chiqilsa, inson kapitali va resurslari darajasi o‘sadi va tashkilotning raqobatbardoshligi ortadi.

 

N.Abduraimova, O‘zA