O‘zbekiston uchun yaqin qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro do‘stona munosabatni yanada mustahkamlash tashqi siyosatdagi muhim yo‘nalishlardan biridir. Tojikiston esa bu jarayonda mamlakatimizning geografik va qadriyatlar nuqtayi nazaridan ajralmas qo‘shnisi. Ikki xalqning kundalik turmush tarzi, mehr-oqibati, urf-odatlari bir. Bugun bu do‘stlik yangicha formatda davom etayotgani kishini quvontiradi.

Bugun ikki davlat Prezidentlarining do‘stona va samimiy muloqoti nafaqat ikki xalq, balki butun mintaqa taraqqiyotiga daxldor. Shu bois o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida erkin savdo rejimining joriy etilishi ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biridir. Natijada savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoni paydo bo‘ladi. Tojikiston O‘zbekistonning o‘nta asosiy hamkorlaridan. Hududlararo kooperatsiya, agrar-tarmoq, ta’lim va tibbiyot, to‘qimachilik sohasidagi ulkan imkoniyatdan oqilona foydalanilyapti.

Tarixiy Dushanbe sammiti esa munosabatlarning tamomila yangi davrini boshlab beryapti, deyish mumkin. Tojikistonlik mutaxassislar ham munosabatlarda yangi dinamika paydo bo‘lgani, ikki tomonlama aloqa yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirmoqda.

Abdug‘ani MAMADAZIMOV, Tojikiston davlat universiteti professori, siyosatshunos:

– Har bahor mintaqamiz hayotida muhim va manfaatli yangiliklar bo‘lgan. Bu gal yasharish fasli O‘zbekiston va Tojikiston uchun yangi davr, yangi marralar sari dadil qadamni tashlashga sababchi bo‘ldi. Yetakchilarimizning siyosiy irodasi tufayli munosabatlarning yangi pog‘ona, yangi bosqichini kutyapmiz. Biz abadiy do‘stlik, strategik sheriklik, aloqalarning istiqboli haqida muloqot qila olamiz, buni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

O‘zbek-tojik munosabatini yanada rivojlantirish dunyoning eng yosh mintaqasi – Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlashga katta hissa qo‘shadi. Bunday yondashuv bugun tinchlik haqida o‘ylamay, qandaydir masalalar ustida tortishayotgan davlatlarga namuna ham bo‘ladi, deb o‘ylayman. Axir «Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi», deganlari bejiz emas…

Bir so‘z bilan aytganda, liderlarimizning siyosiy irodasi, oqilona siyosati hamkorlik uchun muhim asos bo‘lyapti. Endi bir pog‘ona quyiga tushishimiz kerak. Chunki biz chuqur savdo-iqtisodiy munosabatni hududlar darajasida rivojlantirishga intilmog‘imiz lozim. Xususan, Surxondaryo va Tojikistonning Xatlon viloyatlari, So‘g‘d va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, O‘zbekistonning Jizzax va Toshkent viloyatlari bilan kooperatsion munosabat rivojlanishi aloqalarimizni faollashtiradi, albatta.

O‘tgan qisqa davr o‘zbek-tojik munosabati mustahkamlanishiga juda kuchli turtki berdi, katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqa strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu ayniqsa aholi turmush tarzida o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatyapti.

Viktor KIM, Osiyo va Yevropa mamlakatlari ilmiy tadqiqot instituti xodimi:

– Markaziy Osiyo mintaqasi barqarorligi va rivojlanishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatdagi yaxshi qo‘shnichilik va ishonchga asoslangan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega. Davlat rahbari shunday degandi: “Bizning ajdodlarimiz orzusi – ikki qardosh xalqning tinch-totuv yashashdek armoni amalga oshdi. Har kun Tojikiston – O‘zbekiston chegarasidan 20 dan ziyod kishi o‘tadi. Aslida chegaralar ochilishi, bordi-keldilar tiklanishi qondosh va qarindosh ikki xalq uchun hayotiy muhim masala edi”.

Ikki davlat yetakchilarining sa’y-harakati bilan 2023-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 756, 7 million dollarga yetdi. Bu 2017-yilga nisbatan 3 barobar ko‘p degani. Ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan ikki davlat kooperatsiyasi indeksi ko‘rsatkichi 2017-2022-yillarda 1,6 barobar o‘sganini ifodalaydi, ya’ni 9 foizdan 15 foizga ortish kuzatilgan.

O‘zbekistonda Tojikiston kapitali ishtirokida 278 korxona faoliyat yuritmoqda. Birgina 2023-yil ularning soni 78 taga ko‘paydi. Tojikistonda esa O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 90 ta korxona ro‘yxatga olingan, ular orasida ta’lim va tibbiyotdagi loyihalar ham bor. Masalan, So‘g‘d viloyatining Xo‘jand shahrida O‘zbekiston – Tojikiston do‘stligi ifodasiga aylangan ko‘p tarmoqli klinika qad rostlagan, u yerda o‘tgan yil aprel oyidan boshlab mingdan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazildi. Tez orada Dushanbe shahrida ham O‘zbekiston shifokorlari bilan hamkorlikda zamonaviy tibbiyot muassasasi ish boshlaydi.

Ramesh HAMRAEV, «O‘zbekiston yurak jamoasi» klinikasi rahbari:

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ochiqlik siyosati oldinga surilib, chegaradagi muammolar hal qilingach, O‘zbekiston – Tojikiston orasidagi aloqa yaxshilandi. Ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishida hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar, yirik loyihalar amalga oshirilyapti. Bizga tojikistonlik hamkasblarimiz murojaat bilan chiqib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni va tajriba almashishni taklif qildi. Biz murojaatlarga, albatta ochiqlik bilan javob bergan holda, imkoniyatlardan foydalanib, bugungi kunda Xo‘jand shahrida katta klinika barpo etdik. Shifoxona nomini ham «O‘zbekiston – Tojikiston hamdo‘stlik klinikasi» deb atadik.

Bir yildan buyon ishlayotgan bo‘lsak, mingdan ortiq yuqori texnologik jarrohlik ishlarini amalga oshirdik. Bundan avvalambor, xalq manfaatdor. Yuqori tibbiy xizmat uchun Yevropaga, jumladan, Turkiyaga yoki boshqa yurtlarga borish shart emas. Xalqlarimizning tibbiyot bilan bog‘liq ishi ushbu dargohning o‘zida hal bo‘lyapti. Biz oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz, sohaning aritmologiya, kardioxirurgiya kabi eng muhim yo‘nalishlarida birgalikda qator istiqbolli ishlarni amalga oshirish niyatidamiz.

Xulosa shuki, bugun munosabatlar tarixidagi har bir voqelik ikki mamlakat rivojlanishi uchun muhim qadamlar hisoblanadi. O‘zbekiston va Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilikning yangi istiqbollari mavzusida o‘tkazilgan Dushanbe konferensiyasida 50 ziyod hujjat imzolandi, rektorlar ikkinchi forumi, shuningdek, Tojikistonda tashkil etilgan «Kino kunlari» har ikki tomonni birlashtiryapti.

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA