Bugungi kunda mamlakatimizda pillachilik, urug‘chilik va tutchilikni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda hamda bu borada ulkan yutuqlarga erishilmoqda. Mazkur natijalar qo‘shni respublika pillakorlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Xususan, Qozog‘istonda ham ipakchilik sohasida erishilgan yutuqlarimiz ommalashtirilmoqda. Bunga esa ikki davlat rahbarlari ishtirokidagi uchrashuv va muzokaralarda asos solib bo‘lingan. Endi navbat amaliy harakatga.

Jumladan, joriy yilda Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimligi bilan olib borilgan muzokaralarda Andijonning Marhamat tumanidagi “Ipak ko‘chat klasteri” tomonidan yaratilgan “Yangi Andijon” navini ekish va rivojlantirishga talab borligi aytildi. Hozirda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, “Ipak ko‘chat klasteri” va “Kazak ipagi” uyushmasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra joriy yilda 5 million tup tut ko‘chatlarini yetkazib berishga kelishilgan. Buning uchun mahalliy mutaxassislarimiz yaqinda Turkiston viloyatida bo‘lib, ajratilgan yer maydonlarini o‘rganib qaytdilar.

Kelishuvga ko‘ra, har bir ko‘chat 45 sentdan eksport qilinadi. Ya’ni, bunda 15 sent ko‘chat narxi bo‘lsa, qolgan 30 sent ekish va  payvandlash xizmati uchun olinadi. Yaqinda ushbu loyiha Qozog‘iston hukumatida taqdimot qilinib, ijobiy xulosa olindi va e’tiborli tomoni buning uchun qo‘shni davlat fermerlari uchun imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi.

–Bugungi kunda bizda mavjud tutzorlar ma’nan eskirgan, ipak qurti boqish uchun yaroqsiz holda, –dedi Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimligi Tadbirkorlik va sanoat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Abdurazaqova. – “Marhamat 2017” navli tutni sotib olib, qozoq dalalarida tutchilik klasterlarini tashkil qilish niyatidamiz. Bunga bizning mas’ullar ham rozilik bildirgan. Maqsad sizlardagi tajribani o‘zimizda joriy etish orqali mahalliy aholi bandligini ta’minlash, eng muhimi, daromad manbaiga ega bo‘lgan kasbni o‘rgatishdir.

Shuningdek, qozog‘istonlik hamkorlarning bildirishicha, hamkorlikda tut plantatsiyalarini tashkil etish orqali yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan ipak qurti boqish an’anasini qayta tiklashni maqsad qilgan. Nafaqat tut ko‘chatlari, balki ipak qurti urug‘chiligi,  pilla yetishtirish va pillani qayta ishlash yo‘nalishlarida ham  O‘zbekistondan tajribali mutaxassislarni jalb qilishga kelishib olingan.

Shuningdek, Turkiston viloyatida pillachilikni kompleks rivojlantirish bo‘yicha hududiy dastur va huquqiy hujjat ishlab chiqilgan bo‘lib, bu bo‘yicha o‘zaro sa’y-harakatlarga kirishilgan.

Mas’ullarning aytishicha, hozirda Turkiston viloyatining Jetisay tumaniga 300 ming tup tut ko‘chati hamda ularni ekish uchun maxsus agregat texnikalari yetkazib berilib, ishlar boshlab yuborilgan. Shuningdek, ishni jadallashtirish maqsadida Turkiston viloyati Jetisay tumanidan ham ishchilar jalb qilinadi. Umuman olganda, Qozog‘istonda “o‘zbek modeli” asosida pillachilikni rivojlantirishdagi rejalar bugun real voqelikka aylanmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA