ONLAYN: Maktabda bosh kiyimga (ro‘mol) ruxsat beriladimi?

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda “O‘zbekiston 24” radiosining qo‘shma loyihasi doirasida yagona maktab formalari bilan bog‘liq barcha savollarga mutasaddilarning javobi bilan bog‘liq eshittirish davom etmoqda.

Jonli muloqot tarzida davom etayotgan eshittirishga Toshkent viloyati, “O‘zgarish” QFY fuqarosi tomonidan savol berildi.

Xalq ta’limi vazirligi qonun-qoidalarga ko‘ra maktabda bosh kiyim kiyib yurishga ruxsat etilmasligi ko‘rsatilgan. Fuqaro qishloq maktablarida qish mavsumida maktablarning yaxshi isitilmasligi, shuning uchun o‘quvchilar bosh kiyimda yurishga majbur bo‘lishlarini izohlab, maktabda bosh kiyim kiyishga ruxsat etilishi kerakligi haqidagi fikrni o‘rtaga tashladi.

Fuqaro taklifiga Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Baxriddin Shayvaliyev shunday javob qildi.

– Qaror loyihasining 9-bandi va aynan bosh kiyim masalasi ko‘pgina baxslarga sabab bo‘lmoqda. Qishloq maktablari hozirda ta’mirlab borilmoqda. Qishloqda shahardagidan ham yaxshi maktablarni uchratish mumkin. Agar qaror loyihasida maktabda bosh kiyimda yurishga ruxsat bersak, maktab isitish tizimi ta’mirlangandan keyin uni bekor qilishga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan bosh kiyimga ruxsat berish o‘rinsiz. Bu savol ko‘pincha “hijob”, “ro‘mol” masalasi bilan bog‘liq. Biz ko‘p millatlik davlatmiz. Shunday ekan ta’lim mussasasida hammaga birdek sharoit yaratilishi kerak. Shuning uchun “hijob”, “ro‘mol” kabi liboslarga ruxsat etilmaydi. Maktab o‘quvchisining formasi qaysidir dinga taaluqli bo‘lmasligi va boshqalardan ajralib turmasligi lozim. Maktabda nafaqat bosh kiyim balki, kalta, yengsiz kiyimlar ortiqcha taqinchoqlar, noqulay oyoq kiyim kiyish ham tavsiya etilmaydi. Bu o‘quvchining ta’limdan boshqa narsalarga e’tibor qaratishini oldini olish maqsadida joriy etilgan. Hozirda qaror loyihasi aholi muhokamasiga qo‘yilgan, bu borada ham bildirilgan barcha fikrlar o‘rganib chiqiladi.

 

O’zA