Barqaror eksportning ta’minlanishi, import tovarlar optimallashtirilishi va mamlakatimiz investitsion jozibadorligini ta’minlashda bojxona organlarining o‘rni beqiyos.
Bojxona xodimlari tadbirkorlik subyektlarida bo‘lib, bojxona rasmiylashtiruvida yaratilayotgan imkoniyatlarni korxonalar faoliyatida qo‘llash orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi eksport salohiyatida hududning o‘zida o‘stirilgan paxta tolasidan “ip kalava” mahsulotini ishlab chiqarish “polietilen” eksportidan keyingi yetakchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda aynan ushbu mahsulotni sifatli ishlab chiqarib, jahon bozorlariga olib chiqayotgan hududdagi o‘nga yaqin korxona orasida Qonliko‘l tumanida joylashgan “KANTEKS INVEST” mas’uliyati cheklangan jamiyat ham o‘zining salmoqli o‘rniga ega.
Diyorimizda yetishtirilgan paxta tolasidan yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarib, chet davlatlarga eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi mazkur yirik to‘qimachilik korxonasi 2019-yilda Qonliko‘l tumanida 10 gektar yer maydonida qad qo‘targan. Germaniya, Shveysariya, Hindiston va Turkiya kabi davlatlardan keltirilgan so‘nggi rusumdagi to‘qimachilik dastgohlari bilan ta’minlangan korxona yiliga 9 ming tonna ip kalava ishlab chiqarish va 12 ming tonna paxtani qayta ishlash quvvatiga ega.
Bugungi kunda 600 ta ish o‘rniga ega bo‘lgan mazkur korxona joriy yil boshidan Turkiya, Rossiya, Xitoy kabi davlatlarga 3 million 86 ming AQSH dollari qiymatidagi 1 ming 160 tonna ip kalava mahsuloti eksportini amalga oshirdi.
Uchrashuv davomida bojxona xodimlari tomonidan eksportga chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulot hajmini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar berilib, hukumatimiz tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik subyektlarida yaratilayotgan imkoniyat va taqdim etilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil to‘xtab o‘tildi.
Bojxona qo‘mitasi bilan aynan ushbu “Kanteks Invest” MCHJ o‘rtasida “Eksport uch qadamda” axborot tizimini sinov tariqasida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ham tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi, ham bojxona organlari uchun manfaatli bo‘lgan o‘zaro axborot almashish, mavjud ma’lumotlarni taqqoslash, bojxona hamda davlat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etishdir.
Endilikda ushbu korxona Bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Eksport uch qadamda” axborot tizimiga avtomobil transportida amalga oshiriladigan eksport tovarlari bo‘yicha bojxona yuk deklaratsiyalarini jo‘natadi va chegara bojxona postida maxsus plombalar bosilishi orqali eksportga rasmiylashtiriladi. Sinov tariqasida qo‘llanilayotgan ushbu loyiha ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lsa, barcha eksporter korxonalar faoliyatiga tatbiq etilishi nazarda tutilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri