Bugun, 25-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi joriy yilning 26-oktyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bogʻliq jinoyat ishiga aloqador qoʻshimcha shaxslar qoʻlga olinganini maʼlum qildi.

«Oʻtkazilgan tergov va tezkor–qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador boʻlgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi, shuningdek 2 nafariga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan edi,« — deyiladi xabarda.

Qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi K.S.ning Qozogʻiston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan.

Shuningdek, qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Eslatib oʻtamiz, kuni kecha Oʻzbekistondagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bir qator mansabdor shaxslari, jumladan, Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi ham lavozimidan ozod etildi. OʻzA manbasiga koʻra, mazkur isteʼfolar Komil Allamjonovga suiqasd qilishga oid ish doirasida amalga oshirilgan.

O‘zA