Eron Suriyadagi konsulxona binosiga uyushtirilgan raketa hujumiga javoban, yakshanba kechasi Isroil hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri havo zarbalari berishi ortidan jahon bozoridagi ayrim strategik mahsulotlar narxida salbiy o‘zgarish kuzatildi.

Eron uyushtirgan zarbalar shu kunning o‘zidayoq jahon bozorida “qora oltin” narxining 0,3-0,4 foizga oshishiga sabab bo‘ldi.

Masalan,“Brent” markasining iyun oyidagi narxi keskin ko‘tarilib, bir barrel neft narxi 90,48 dollarga yetgan. “WTI” markasining may oyi uchun fyuchers narxlari 0,28 foizga ortgan va 85,69 dollar qilib belgilangan.

Yakshanba voqeasi oltin narxiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. So‘nggi savdo ko‘rsatkichlari shundan dalolat bermoqdaki, hujumdan keyin oltin narxi 1 foizga qimmatlashib, bir troya unsiyasi uchun 2 ming 400 dollar to‘langan.

Nyu-Yorkdagi “Comex” savdo birjasida bir troya unsiya oltinning narxi 25,3 dollarga qimmatlashgan va 2 ming 385,25 dollarga chiqqan. Kumush narxi ham 1,48 foizga oshgan.

Eronning BMT Xavfsizlik kengashidagi doimiy vakili Amir Said Iravaniyning bayonot berishicha, Isroilga uyushtirilgan harbiy amaliyot Eronning o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqi doirasida amalga oshirilgan.

-Mazkur harakat Isroil Eronning Suriyadagi konsulxona binosiga hujumiga mutanosib va teng javob chorasi bo‘ldi, -dedi u.

Eronlik diplomatning ta’kidlashicha, zarbalar aniq bo‘lib, faqat harbiy nishonlarga qaratilgan va juda aniqlik hamda vaziyatning keskinlashib ketishi xavfini kamaytirgan holda, tinch fuqarolar uchun zarar yetkazmaydigan darajada amalga oshirildi.

Shuningdek, Eron tomoni Isroilga hujum uyushtirganda qanday qurollardan foydalanganini ham ma’lum qilgan. Ro‘yxatda  “Shahed-136” kamikadze dronlari, “Imad” ballistik raketalari hamda “Paveh” qanotli raketalari ko‘rsatilgan. Biroq “Fox News” telekanalining xabar berishicha, Eron uchirgan ballistik raketalarning 50 foizi havoga ko‘tarila olmagan yoki nishonga yetib bormagan.

“Kan 11” telekanalining ma’lum qilishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden qo‘ng‘irog‘idan keyin Isroil javob choralarini ko‘rishni to‘xtatgan. Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefonda suhbatlashib, vaziyatni keskinlashtirmaslikka ko‘ndirgan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh Eronning Isroilga uyushtirgan hujumidan keyin Xavfsizlik Kengashida bo‘lib o‘tgan majlisda ishtirokchilarga istalgan davlatga, shuningdek, diplomatik obyektlar daxlsizligiga kuch ishlatish taqiqlanganini eslatdi.

-BMTga a’zo barcha davlatlar shuni bilishi kerakki, har bir mamlakatning hududiy yaxlitligiga yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish BMT nizomi bilan taqiqlangan, -dedi Bosh kotib.

Shuningdek, u 1-aprelda Damashqdagi Eron konsulxonasi binosiga uyushtirilgan hujumni qoralab, diplomatik va konsullik obyektlari hamda uning xodimlari daxlsizligi tamoyiliga har qanday holatda ham amal qilinishi kerakligini yana bir bor eslatgan.

Ma’lumki, jahon birjalari sayyoramizning istalgan mintaqasida ro‘y berayotgan salbiy hodisalarga, xoh u siyosiy beqarorlik yoki tabiiy ofat bo‘lsin o‘ta sezuvchan bo‘ladi.   Eron uyushtirgan hujumlar atrofida yuzaga kelgan siyosiy bahs-munozaralar, tahlillar Isroilning ham javob berish ehtimoli bilan bog‘liq xavotirlar ham shubhasiz, jahon savdosiga, strategik mahsulotlar narxiga  ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Qolaversa, shundog‘am Qizil dengizdan o‘tuvchi savdo yo‘li xusiylar tomonidan to‘sib qo‘yildi. Osiyodan jo‘natilgan yuk kemalari endi Afrika qit’asini aylanib Atlantika okeani orqali Yevropa bozoriga yetkazilmoqda yoki Yevropadan Osiyoga qatnayotgan kemalar ham xuddi shu serxarajat yo‘laklarni tanlashga majbur bo‘lmoqda. Bularning barchasi mahsulotlar narxiga ta’sir qilmasdan qolmaydi, albata.

Agar Eron-Isroil ziddiyati chuqurlashib ketsa, mazkur muammo yanada keskinlashishi turgan gap, chunki Fors ko‘rfazi ham jahon savdo yo‘llarining muhim tarmog‘i ekanini unutmaslik kerak.

 

S.Rahimov, O‘zA