Yevropa Ittifoqiga a’zo qator davlatlar may oyi oxirigacha Falastin davlatini tan olishi mumkin, deya bayonot berdi tuzilma tashqi ishlar idorasi rahbari Jozep Borrel Ar-Riyodda Jahon iqtisodiy anjumani doirasida bo‘lib o‘tgan maxsus majlisda.
“Al-Arabiya” telekanali axborotida ayni payt Falastinni EI tarkibidagi 9 mamlakat tan olgani eslatilgan. Bolgariya, Kipr, Chexiya, Vengriya, Malta, Polsha, Ruminiya va Slovakiya Falastinni 1988-yil e’tirof etgan, Shvetsiya esa shu mazmundagi qarorini 2014-yil e’lon qilgan.
Joriy yil mart oyida Ispaniya, Irlandiya, Malta va Sloveniya Falastin davlatini tan olish ustida birgalikda ish olib borishini e’lon qildi. Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches avvalroq Madrid Falastin davlatini iyulgacha tan olishi kutilayotganini aytgan.
Hududiy manfaat bilan bog‘liq Falastin – Isroil mojarosi bir necha o‘n yildan buyon mintaqada keskinlik va qurolli to‘qnashuv manbai bo‘lib qolmoqda. 1947-yil BMT qarori bilan Isroil va Falastin davlatini tashkil etish belgilangan, biroq hozircha faqat Isroil davlati tashkil etilgan.