Ukraina va AQSH o‘rtasida xavfsizlik kafolatini ta’minlash maqsadini ko‘zlagan muzokaraning uchinchi davrasi o‘tkazildi. Mamlakat Prezidenti ofisi shu haqda ma’lum qildi. 23-aprel kuni Vladimir Zelenskiy ayni masalada bitim tuzish ustida ish boshlangani haqida bayonot bergandi.
– Idora rahbari Andrey Yermak AQSH bilan xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama bitim imzolashga tayyorgarlik yuzasidan muzokaraning uchinchi davrasini o‘tkazdi, – deyilgan muassasa saytida e’lon qilingan xabarda. – Tomonlar bitim loyihasini bandma-band muhokama qildi, hujjatning asosiy qismi bo‘yicha hamda kelgusi harakatlar belgilab olinib, sezilarli siljishga erishildi.
Yermak umid bildirishicha, mazkur kelishuv Kiyevning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikka mustahkam asosdir. Vilnyusda o‘tgan NATO sammitida “Katta yettilik” Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilingan, biroq hujjatda xavfsizlik bo‘yicha yuqorida qayd etilgan majburiyat amalga oshirilishi muddati aniq aytilmagandi.
Kiyev “Xavfsizlik kafolati” NATOning shu yil o‘tadigan Vashington sammitigacha faoliyat boshlashiga umid qilmoqda.