O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan har yili Prezident sovrini uchun xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab tanlovi muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.

Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida shahar va tumanlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi.

Tanlov yakunida  Xo‘jayli tumanidagi 3-umumta’lim maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Kegeyli tumanidagi 55-umumta’lim maktabiga, uchinchi o‘rin Nukus shahridagi 27-umumta’lim maktabi jamoasiga nasib qildi.

G‘oliblarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari muborakbod etib, birinchi o‘ringa 250 million so‘mlik, ikkinchi o‘ringa 200 million so‘mlik, uchinchi o‘ringa 150 million so‘mlik vaucher tantanali tarzda topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari