Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006-yil 27-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Singapur shartnomasining maqsadi tovar belgilari sohasida ishlovchi va shu soha ishtirokchisi bo‘lgan barcha mamlakatlar hamda regional tashkilotlarda tovar belgilariga huquqiy muhofaza olish tizimi foydalanuvchilari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish hisoblanadi.

Ushbu shartnoma tovar belgilari uchun litsenziyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga oladi va ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziya ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi qaydlarni tuzatish yoki bekor qilish uchun so‘rovnomalarga nisbatan maksimal talablarni belgilab beradi.

Mazkur xalqaro shartnomaga qo‘shilish O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, mamlakatning jahondagi imiji hamda investitsion jozibadorligini oshirish imkonini beradi.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qilishini qayd etdi.

Shuningdek, yig‘ilishda bir qator qonun loyihalari ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA