Ma’lumki, autsorsing bu – tomorqadan foydalanishda ishlab chiqarishning bir qismini boshqa ixtisoslashgan tashkilotga berish orqali sifatga erishish tizimidir.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Komiljon Qo‘ziyevning qayd etishicha, bunday tizim rivojlangan mamlakatlarda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsadda biz ham mamlakatimizda tomorqa yerlariga sifatli autsorsing xizmati ko‘rsatish masalasini tahlil qilib chiqdik.

–Ta’kidlash kerakki, Germaniyada qariyb 500 mingta kichik tomorqa (Kleingarten) mavjud bo‘lib, ularga ko‘rsatiladigan autsorsing xizmati hajmi 15 milliard yevroni tashkil qiladi.  Autsorsing xizmati an’anaviy bog‘lar va sabzavotchilik yo‘nalishida ommalashib bormoqda. Angliyadagi yirik tomorqa xo‘jaliklari uyushmasining filiali  asosan tabiiy xilma-xillikni asrashga xizmat qiladi. Ushbu uyushma Londondagi 740 dan ortiq kichik yer egalari hamda 40 mingta alohida tomorqaga xizmat ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda 4,9 millionta tomorqa xo‘jaligida 741,2 ming gektar yer resursi mavjud bo‘lib, uning 402,1 ming gektari bevosita hovlida joylashgan. Bu tomorqa yerlarida yalpi dehqonchilik mahsulotlarining 37,9 foizi, yalpi chorvachilik mahsulotlarining 88,4 foizi yetishtiriladi. Tomorqa xo‘jaliklarining 766,8 mingtasi (15,4 foiz) shaharlarda joylashgan bo‘lib, ularning tasarrufida 48 ming gektar (6,5 foiz) yer resursi bor.

Xo‘sh, ushbu autsorsing xizmati tizimi biz uchun qanday naf keltiradi? Biz aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish uchun qanday xizmatlar ko‘rsatilayotganini o‘rgandik va so‘rov o‘tkazdik. So‘rov natijalariga ko‘ra,  ishtirokchilarning aksariyati tomorqadan sheriklik asosida hosil olish va uning bir qismini berish orqali autsorsing xizmatidan foydalanishi mumkinligini bildirgan. Demak, xorij tajribasini aynan mamlakatimizda tatbiq etish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqdir, – dedi K.Qo‘ziyev.

 

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA