Telefonga qaramlik – XXI asr epidemiyasi deya e’tirof etilmoqda. Tibbiyotda bu, nomofobiya kasalligi deb tashxislanadi. Ya’ni nomofobiya telefonga qaramlik, undan ayrilib qolishdan qo‘rquv hissi paydo bo‘lishi bilan kechadi va hozirda ko‘proq bolalar va o‘smirlarda uchramoqda.

Ushbu fobiyadan aziyat chekadigan inson asabiy, diqqatini jamlay olmaydigan bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, bu holat qo‘lida telefon bo‘la turib, undan foydalanish uchun imkon (uyali tarmoq signali yoki Wi-Fi) bo‘lmasligi sababidan ham yuzaga keladi.

Eng yomoni, telefondan uzoq vaqt davomida betartib foydalanish insonning ham jismoniy, ham ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Gadjetlar qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazish bolada umurtqa pog‘onasi, bo‘yin bilan bog‘liq turli xastaliklar rivojlanishi xavfini ham tug‘diradi.

Albatta, bolalarni telefondan mutlaqo ayirib qo‘yish ham noto‘g‘ri. Chunki ularning zarari bilan bir qatorda foydali tomonlari ham ko‘p. Zamonaviy gadjetlar taqdim eta oladigan imkoniyatlar bolalarga yangi bilim olishga yordam beradi, ularga o‘qish jarayonida asqatadi.

Xo‘sh, unda ota-onalar qanday yo‘l tutishi kerak? Qanday qilib, farzandlarini telefonga qaramlikdan qutqarishlari mumkin?

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan berilgan tavsiyalarga ko‘ra, profilaktik maqsadlarda bolalar va o‘smirlarning telefon bilan o‘tkazadigan vaqtini qisqartirishga harakat qilish kerak. Bu vaqt davomida farzandingiz bilan ko‘proq birgalikda uy yumushlarini bajaring, sevimli mashg‘ulotlariga yo‘naltiring. Natijada, bola telefonsiz hayot nafaqat mumkin, balki yorqin va hissiy jihatdan boy bo‘lishini anglab yetadi.

Uyda telefonini doim yonida olib yurmasligi kerakligini uqtiring. Gadjet bir joyda turgani ma’qul ekanini anglab yetsagina nomofobiya kasalligiga uchrash ehtimoli kamayadi.

Dam olish kunlari oilaviy telefonni bir necha soatga o‘chirib qo‘yish odatini shakllantiring. Axir bolalar kattalardan o‘rnak olishadi. Asta-sekin bu vaqtni oshirib borish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkaziladigan vaqtni nazorat qiling.

Bola uchun «real» hayotda qiziqarli bo‘ladigan, shu jumladan oilaviy muloqotni o‘z ichiga olgan sevimli mashg‘ulotlarni topishga harakat qiling. Dam olish kunlari birgalikda sayrlar uyushtiring.

Eng asosiysi, bu avvaliga juda qiyin ko‘rinsada, bolani vaqtida «real» hayotda «ushlab qolish» va telefonga qaramlik darajasigacha yetib bormasligi uchun zamin yarata olishdir.

 

O‘zA