Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkaziladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Bunda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun vazirlik tomonidan yangi tizim yaratildi hamda malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilindi.

2023-yil 5-7-dekabr kunlari o‘qituvchilar bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan pedagoglar ishtirokida malaka toifalari berishning mazkur yangi tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Unda 4 ming 123 nafar pedagog ishtirok etdi.

Joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sinov jarayonlari mamlakatimiz miqyosida 2024-yil 15-aprel kuni boshlandi hamda may oyining yakuniga qadar davom etadi.

Toshkent shahar va Toshkent viloyati ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokidagi attestatsiya sinovlari poytaxtimizda joylashgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida tashkil etilmoqda.

Amaliyotga joriy etilgan yangi tizim asosida malaka toifasini olish sinovlari ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi.

Ikkinchi bosqichda pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi.

Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA