Afsuski, yurtimizda yo‘l-transport hodisalari yildan yilga ko‘payib bormoqda. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar qo‘llanilyapti, biroq natija kutilganidek emas. Bu ko‘pchilikni o‘ylantirib, qiynab kelayotgan dolzarb muammolardan biridir.

Xo‘sh, ushbu muammoning yechimi bormi? Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilayotgan jazo choralari samara beryaptimi? Ular yo‘l-transport hodisalari statistikasiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Toshkent davlat transport universiteti professori Anvar Nazarov bilan ana shular xususida suhbatlashdik.

– Yo‘llarimizdagi yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmayapti, – deydi Anvar Nazarov. – Bir so‘z bilan aytganda, yo‘llarimizda yo‘l harakati qoidalarini buzayotgan qoidabuzarlarga qo‘llanilayotgan javobgarlik samarasi biz kutgandek bo‘lmayapti. Buni quyidagi tahlillardan ko‘rishimiz mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda respublikamiz yo‘llarida 9839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 2282 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 9209 nafar fuqaro jarohatlangan. Jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan. Jumladan, 13 milliondan ko‘p qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar qayd etilgan. Buning asosiy sababi sifatida avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmagani sabab qilib ko‘rsatilgan. Bu fikrga to‘liq qo‘shilmasdan iloj yo‘q, chunki yo‘l harakati jarayonidagi normal vaziyatni izdan chiqarib, turli xavf-xatarlarni vujudga keltirayotgan qoidabuzarlarga nisbatan qo‘llanilayotgan choralar o‘zining maksimal ta’sirini ko‘rsatmas ekan, bu borada ijobiy natijalarga erishish qiyin bo‘ladi.

– Bolalarning yo‘l-transport hodisalari natijasida halok bo‘lishi yoki tan jarohati olishi – mudhish voqeaO‘tgan yilda maktablar, bog‘chalar oldida harakat tezligi 30 km/soatgacha cheklandi. Maktablarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha tadbirlar kuchaytirildi. Bu yo‘nalishda ko‘plab profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Ammo shunday bo‘lsada, nima sababdan bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini sezilarli darajada kamaytirishga erishib bo‘lmayapti? Bu masalada fikringiz qanday?

– Eng achinarlisi, 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan. Garchi, bu yo‘l-transport hodisalarining qaysi birlarida bolalar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzilish holatlari qayd etilgan bo‘lsada, biz bolalarni yo‘l-transport hodisalarida aybdor deyishga ma’nan haqimiz yo‘q. Avtomobil yo‘llarida ularning harakatlanish jarayonidagi xavfsizligini ta’minlash uchun biz kattalar mas’ulmiz va bu yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bizning vazifamiz hisoblanadi.

Yo‘l-transport hodisalarida bolalarning halok bo‘lishi yoki tan jarohati olib, sog‘lig‘ini yo‘qotishi, bu ota-ona uchun tasavvur qilib bo‘lmaydigan fojiadir. Bu fojia oila hayotini butunlay izdan chiqarib yuboradi va ota-ona uchun butun umri davomida to‘g‘rilab bo‘lmaydigan vaziyatni vujudga keltiradi.

Endi maktablar yaqinidan o‘tgan joylarda harakat tezligini 30 km/soatgacha cheklanishi masalasiga kelsak, to‘g‘ri bu cheklovlar kiritildi, lekin ular ham yetarlicha samara bera olmayapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda shu hududlarga foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilishi va ular orqali qoidabuzarliklar qayd etilishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bu juda to‘g‘ri taklif, lekin masalaning ikkinchi tomoniga qaraylik. Maktablar yaqinidan o‘tgan avtomobil yo‘llarida xavf-xatarlar o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin, tanaffus va o‘quv mashg‘ulotlari tugagan paytlarida vujudga keladi, yo‘l belgisi esa butun sutka davomida ta’sir qiladi. Boshqacha aytganda, maktablar yaqinidan o‘tgan yo‘llarga o‘rnatilgan tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari doimiy ravishda hatto dam olish kunlari va o‘quvchilarning ta’til davrida ham ta’sir ko‘rsatadi. Yo‘lning bu uchastkasi orqali maktablarda mashg‘ulotlar boshlangandan yoki tugagandan keyin harakatlanayotgan haydovchi hech qanday xavf-xatarni ko‘rmaydi va yo‘l belgisiga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi, ma’lum vaqtdan keyin u mazkur yo‘l belgisi talabalarini bajarmay qo‘yadi. Foto va video qayd etish qurilmalarining o‘rnatilishi vaziyatni o‘zgartiradi va u sutka davomida barcha transport vositalarining cheklangan tezlik bilan harakatlanishiga majbur qiladi. Natijada maktabda o‘quv mashg‘ulotlari paytida, ya’ni o‘quvchilar xonalarda o‘tirgan vaqtlarda va dam olish kunlari hamda ta’til davrida hech qanday xavf-xatar bo‘lmagan paytlarda ham transport vositalari belgilangan tezlikda harakatlanib tirbandliklarni vujudga keltiradi, maktablar atrofida atmosfera havosi ifloslanishini kuchaytiradi. Bu muammoni hal etish uchun ko‘p pozitsiyali yo‘l belgilaridan foydalanish zarur. Shunda belgi faqat o‘quvchilar maktabga kelish va ketish paytlarida tezlikni cheklaydi, boshqa paytlarda transport vositalari mazkur yo‘lda umumiy o‘rnatilgan tezlik bilan harakatlanadi.

– Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish yoki qandaydir boshqa tashkiliy masalalar ko‘rilishi kerakmi?

– Albatta, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikning ta’sirini kuchaytirmas ekanmiz yo‘llarimizda sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalari statistikasida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmasligi aniq. Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni oshirishdan oldin, yo‘llarimizda harakatni tashkil etish bilan bog‘liq qator muammolarni hal etish zarur. Eng avvalo, yo‘llarimizning sifatini oshirish darkor. Bundan keyin yo‘l harakatini tashkil etish masalasiga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim. Buning uchun Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy tuzilmalar tashkil etish kerak. Modomiki, bu bo‘lim shu hududda yo‘l harakatini tashkil etish uchun mas’ul tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatishi lozim. Ayni paytda bu vazifani bir nechta tashkilot bajaradi. Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamentining yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida faqat nazorat funksiyasini qoldirish kerak. Eng asosiysi, mazkur bo‘limga ishga faqat shu soha mutaxassislarini jalb etish kerak. Chunki yo‘l harakatini tashkil etish murakkab bo‘lib, ko‘plab omillarni o‘zida mujassam etadi. Nomutaxassis xodimlar tomonidan bu muammoni hal etishga urinish qanday oqibatlarga olib kelganini o‘zimiz guvohi bo‘lib turibmiz. Shu bilan bir qatorda yo‘l harakatini tashkil etish bilan bog‘liq loyihalar shu sohaning mutaxassis-ekspertlari tomonidan ko‘rib chiqilib, ijobiy xulosa berilganda amaliyotga joriy etilishi qat’iy belgilanishi lozim.

– Yo‘l harakati qoidalarining buzilish holatlarini qayd etish tizimida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar to‘g‘risida keyingi-paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab holatlar keltirilmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?

– Darhaqiqat, keyingi paytda foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilishi va ular orqali yo‘l qo‘yilayotgan ko‘plab noqonuniy holatlar to‘g‘risidagi xabarlar uchramoqda. Tan olish kerak, ularning ayrimlarida yo‘l harakati ishtirokchilarining e’tirozlari o‘rinli. Ayrim hollarda tadbirkorlar ko‘proq foyda olish maqsadida foto va video qayd etish qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanishmoqda. Boshqacha aytganda yo‘l harakati qoidalarining buzilishi holatlarini ko‘proq qayd etish maqsadida yo‘llarda sun’iy ravishda ham bunga sharoit yaratmoqda. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan  bosish mumkin bo‘lmagan sidirg‘a chiziq yoniga avtotransport vositalarini uni bosishga majbur qiladigan holda to‘xtatib qo‘yib, qoidabuzarlikni aniqlayotgan tadbirkorlar haqidagi videolavhalarni ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak…

Yo‘l harakati qoidalarining 91-moddasi 7-qismiga asosan to‘xtagan transport vositasi bilan bo‘ylama sidirg‘a chiziq (qatnov qismining chetini belgilovchi chiziqdan tashqari), ajratuvchi mintaqa yoki qatnov qismining qarama-qarshi cheti orasidagi masofa 3 metrdan kam bo‘lgan joylarda to‘xtash taqiqlanadi. Bunday holatda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi majburan bo‘ylama sidirg‘a chiziqni bosgan haydovchiga nisbatan ma’muriy jazo chorasini qo‘llamasdan, balki to‘xtash qoidasini buzgan haydovchiga nisbatan qo‘llashi kerak.

– Haydovchilar tomonidan yo‘llardagi turli nosozliklar tufayli yo‘l harakati qoidalarini majburan buzish holatlari ham uchrab turadi. Ba’zan shu kabi holatlarda haydovchi aybdor bo‘lib qoladi. Bunday holatda haydovchi qanday yo‘l tutishi kerak?

– Yo‘l qoplamasining holati buzuq bo‘lgani sababli uni aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan haydovchi chorrahaga yaqin joydagi sidirg‘a chiziqni majburan bosib o‘tishi va buning uchun jarimaga tortilishi holatlari ham yo‘q emas.

Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonunning 10-moddasida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yo‘llarda yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga imkon beruvchi vaziyat yuzaga kelganda kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli xizmatga bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritishi, mazkur yozma taqdimnomalarni bajarish choralari ko‘rilmagan taqdirda ma’muriy jazolar qo‘llashi ta’kidlangan. Tegishli xizmat tomonidan ushbu kamchiliklar bartaraf etilib, haydovchiga yo‘llarda erkin va moneliksiz harakatlanish sharoiti ta’minlanishi kerak. Yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘llarda harakatlanishning xavfsiz shart-sharoitlariga bo‘lgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi.

Yo‘l qoplamasida kamchiliklar yuzaga kelganda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan nazorat kamerasi o‘chirib qo‘yilishi yoki chiziqni bosib o‘tish qoidabuzarlik sifatida e’tirof qilinmasligi lozim.

– Yo‘l harakati qoidalarining o‘zida ham yo‘l harakati qatnashchilari uchun tushunarsiz bo‘lgan holatlar mavjudmi?

– Bor, albatta. Bir tushunarsiz holat sifatida Yo‘l harakati qoidalarining 78-moddasida qayd etilgan vaziyatni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ushbu moddaning birinchi bandi talablariga ko‘ra, aholi yashash punktlarida harakat tezligi soatiga 70 kilometrdan oshmasligi ta’kidlab o‘tilgan. Aynan shu moddaning ikkinchi bandida Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek, shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi, deb ta’kidlangan.

5.22 «Aholi yashash punktlari boshlanishi» yo‘l belgisi aholi punktlarida harakatlanish tartibini belgilovchi talablariga amal qilinadigan joylarning nomi hamda uning boshlanishini bildiradi. Shahar va tuman markazlarining boshlanishini bildiruvchi alohida yo‘l belgisi yo‘q. Asosan yo‘l belgilari yo‘l harakatining barcha ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan. Mahalliy aholidan tashqari tranzit haydovchilar 5.22 «Aholi yashash punktlari boshlanishi» yo‘l belgisi bilan harakatlanish tezligi o‘rnatilgan joy viloyatlar va tumanlarning markazlari yoki shahar xuddi ekanligini bilmaydi. Natijada u harakatlanish tezligini yo‘l harakati qoidalarining 78-moddasi birinchi bandi bo‘yicha, ya’ni soatiga 70 kilometrgacha bo‘lgan holda tanlaydi. Bu esa uning avtotransport vositasi tezligi foto va video qayd etish qurilmalari orqali qayd etilib, ma’muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA