Toshkentda siyosiy partiyalar ayol vakillarining yetakchilik salohiyatini oshirish bo‘yicha besh kunlik o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarga start berildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etildi.

Aytib o‘tish kerakki, keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan 50 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi.

Yangilangan Konstitutsiyaning 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi kafolatlangan.

Qonun bilan saylovlarda ayollarning ishtiroki siyosiy partiyadan ko‘rsatiladigan deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizini tashkil etishi belgilandi.

O‘zbekiston BMT nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan normalariga sodiq ekanini doimo ko‘rsatib kelgan.

2023-yil 1-yanvarda Parlamentlararo ittifoq tomonidan e’lon qilingan “Ayollar siyosatda” jahon reytingida dunyoning 190 milliy parlamenti orasida mamlakatimiz 45-o‘rinni egalladi.

O‘tgan yil sentyabr oyida e’lon qilingan ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston 69,7 ball bilan dunyoning eng yaxshi 20 mamlakati qatoriga kirdi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari tarmog‘i hisobotiga ko‘ra O‘zbekiston 8 pog‘onaga ko‘tarildi, 166 mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi (2022-yilda 77-o‘rinda edi).

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad gender tamoyillarini siyosiy hayotda targ‘ib qiluvchilar bo‘lmish milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, siyosiy partiyalarning xotin-qizlar qanotlari va mahalliy Kengashlar a’zolarining salohiyatini yanada oshirishdir.

Zero, jamiyatni demokratlashtirish ayollarning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etishini taqozo etadi.  Shiddatli va murakkab globallashuv jarayonlari davom etayotgan bir sharoitda esa inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega.

Siyosiy qarorlar qabul qilish nuqtayi nazaridan ayol rahbarlar kamsitishlarga qarshi kurashish uchun qattiqroq choralar ko‘rishi isbotlangan. Seminar davomida bu borada ularning imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarur bilim, ko‘nikmalar o‘rgatiladi.

Tadbir doirasida “Siyosat sohasidagi yetakchi ayol: o‘rnak bo‘ladigan inson” mavzusidagi eng yaxshi ssenariylar tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

Mazkur tanlov joriy yilning mart oyida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan.

Tanlovning asosiy maqsadi xotin-qizlarning faol siyosiy hayotga qiziqishini oshirish, zamonaviy yetakchi ayol obrazini yaratish hamda ijtimoiy faol, yetakchi, siyosatchi ayollar haqida jamoatchilikda ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA