Qabul komissiyasi Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligi bo‘yicha konsensusga erisha olmadi. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashining Maltadagi doimiy vakolatxonasi “Anadolu” axborot agentligiga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Malta ushbu masala bo‘yicha hisobot tayyorlab, BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga taqdim etadi. Boshqa tomondan, Maltaning BMTdagi doimiy vakili Vanessa Freyzer jurnalistlarga a’zolik shartlari bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘qligini va qo‘mitaning uchdan ikki qismi a’zolikni qo‘llab-quvvatlaganini aytdi.
Falastinning BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Riyod Mansur BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga davlatning Jahon Tashkilotiga to‘laqonli a’zoligi bilan bog‘liq maktub yo‘lladi.
“Bugun Falastin rahbariyati Bosh kotibga a’zolik haqidagi arizani qayta ko‘rib chiqishni so‘rab maktub yo‘lladi”, deyiladi ijtimoiy tarmoqdagi postda. Xususan, Mansur maktubda BMT Xavfsizlik Kengashidan aprel oyida Falastinning Jahon Tashkilotiga kirish haqidagi arizasini ko‘rib chiqishni so‘ragan. Shu bilan birga, Falastinning doimiy kuzatuvchisi so‘rovni imkon qadar tezroq BMT Xavfsizlik Kengashiga topshirishni so‘radi.
Falastinning BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Mansur 2022-yil 26-iyulda BMT Xavfsizlik Kengashiga to‘laqonli a’zolik bo‘yicha so‘zlagan nutqida BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan 2334-rezolyutsiyaga muvofiq Falastinning hududiy yaxlitligi BMT tomonidan tan olinganini ta’kidlagan edi.
Falastinning BMTdagi ayni holati
Hozirgi kunda Falastin 193 davlat a’zo bo‘lgan bu yirik tashkilotga “a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat” maqomiga ega.
2012-yilda BMT Bosh Assambleyasi Falastinning maqomini “kuzatuvchi tashkilot”dan “a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat”ga o‘zgartirgandi.
Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun BMT Xavfsizlik Kengashining roziligi va BMT Bosh Assambleyasining ovozi kerak.
Ma’lumot o‘rnida: Falastin 2011-yilda BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun ariza bergan, biroq bu tashabbus BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmagan.
G.Sattorova, O‘zA