O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyoti tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Agentlik huzurida jamoatchilik asosida:

Agentlik tizimidagi maktablarning o‘qituvchilaridan iborat bo‘lgan STEM fanlari bo‘yicha fan kengashlari;

Agentlik tizimidagi maktablarning bitiruvchilaridan iborat bo‘lgan Bitiruvchilar kengashi tashkil etiladi.

Farmon bilan Fan kengashlari va Bitiruvchilar kengashining asosiy faoliyat yo‘nalishlari tasdiqlandi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

a) Fanlar akademiyasi akademiklari tomonidan Agentlik tizimidagi maktablarda:

o‘quvchilarning yaratuvchanlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan darslar tashkil etiladi;

o‘quvchilarga amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish masalalarida ko‘mak ko‘rsatiladi;

o‘quvchilar ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etiladi hamda Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan loyihalar bilan tanishtiriladi;

o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish maqsadida “Yosh akademiklar” klublari tashkil etiladi.

Har yili umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ta’lim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratishni nazarda tutuvchi “Ixtirochilikka qadam” tanlovi o‘tkaziladi.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti bilan o‘zaro integratsiyalashgan o‘quvchilarni muhandislik asoslariga o‘rgatish bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy qilinadi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda chet tilini bilish bo‘yicha kamida V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan fanlarni chet tilida o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

 

O‘zA