Dunyodagi eng katta ko‘llardan biri bo‘lgan Orol dengizi ko‘p yillar davomida antropogen ta’sirlardan aziyat chekib kelmoqda. Natijada suv yuzasi 90 foizga qisqardi va bu fojea ekotizimga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Orolning qaqragan maydonlariga saksovul urug‘ini ekish ishlari asosan qish mavsumida boshlanadi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, saksovul Orol uchun “yashil qalqon” bo‘lib, saksovul urug‘i ekishda dekabr-fevral oylari juda qulay hisoblanadi. Chunki qor ostida qolgan saksovul urug‘ining unib chiqish samaradorligi ancha yuqori. Bu jarayon mart oyidan kechikmasligi kerak. Chunki kunlar isishi va yog‘ingarchilik to‘xtashi bilan urug‘ga nam yetmay qolishi va oqibatda ko‘chatlar ko‘karmay nobud bo‘lishi mumkin.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Iveco Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda Orolning 10 gektar hududida 10 mingga yaqin saksovul ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, mazkur hududda institut olimlari tomonidan ekotizimni tiklashga qaratilgan ilmiy izlanishlar ham olib borilmoqda. Bunda cho‘l hududida yaylovlarni barpo etish, yashil qoplamalar bilan qoplash, Orol tubidan ko‘tariladigan chang-to‘zonlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, iqlim o‘zgarishi davrida yerlar degradatsiyasini kamaytirishga ilmiy tomonlama yondashish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, 2018–2023-yillar davomida Orol dengizi tubida 1 million 730 ming gektar o‘rmonzor barpo etilgan, 17 ming km kvadrat maydon ko‘kalamzorlashtirilgan. Joriy yilda esa jami 150-200 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 192,63 tonna cho‘l o‘simliklari urug‘lari, jumladan, 71,96 tonna saksovul, 120,67 tonna qorabaroq cho‘l o‘simliklari terilib, ekishga tayyorlangan. Hududda qandim, cherkes kabi cho‘lga chidamli o‘simliklarning urug‘ hamda ko‘chatlari ekilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2023-yilning dekabridan boshlangan Orolning qurigan maydoniga saksovul ekish ishlari natijasida bugungi kunda 103 ming gektardan ortiq maydon qamrab olingan. Saksovul urug‘ini topishda esa muammo yo‘q. Mo‘ynoq cho‘llarida o‘sib turgan saksovul urug‘larini terish-yig‘ish ishlari ham puxta reja va aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari O‘rmon xo‘jaliklari, Obodonlashtirish boshqarmalarining xodimlari, mahalliy aholi ishtirokida saksovul urug‘ini yig‘ish bo‘yicha qizg‘in ishlar olib borilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida tashkil qilingan shtab ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirlarga jami mingdan ortiq ishchi, 549 texnika, 2 samolyot jalb qilingan.
Boshqa viloyatlardan 550 ga yaqin hasharchi ishtirok etmoqda. Bugungi kunga kelib saksovul ekish uchun jami 326 ming 60 gektardan ortiq yer maydoni tayyorlandi. Shundan 103 ming 235 gektariga 412 ming 275 kilogramm saksovul urug‘i ekilgan. Samolyotlar yordamida 51 ming 800 gektar yerga 156 ming 600 kilogramm saksovul urug‘i sepildi. Ekish uchun yana 622 ming 500 kilogramm saksovul urug‘i jamg‘arilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA