Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkmaniston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan bir qator madaniy tadbirlarga oid masalalar muhokama etildi.

Xususun, 2024-yilning 26-27-mart kunlari Turkmanistonning Anau shahrida “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” tadbirlari bo‘lib o‘tishi belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi rahbariyati boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi va ijodiy guruhining Turkmanistonga safari rejalashtirilmoqda. Uchrashuvda tashrif bilan bog‘liq tashkiliy masalalar kelishib olindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 19-fevraldagi “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi  qarori ijrosi bo‘yicha ko‘zda tutilgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, Maxtumquli haqida turkman kinoustalari bilan hamkorlikda badiiy film yaratish, yubiley munosabati bilan shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtirish, o‘zbekistonlik yosh xonandalar o‘rtasida “Maxtumquli she’rlari bilan aytiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi” respublika tanlovini o‘tkazish va unga faxriy hakam sifatida turkman mutaxassislarini jalb etish, alloma xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda tomonlar joriy yilda Turkmanistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, shu bilan birga, qo‘shni mamlakat xalq artistlarining mamlakatimizga gastrol safarlarini uyushtirish bo‘yicha ham kelishib olindi.

Ozodbek Nazarbekov qardosh xalq vakillarini shu yilning 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida tashkil etiladigan “Lazgi”, 26-28-iyun kunlari Zomin tumanida tashkil etiladigan “Maqom san’ati” festivallarida ishtirok etish uchun taklif etdi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda shuningdek,  Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali, Baxshichilik san’ati bo‘yicha xalqaro anjuman, Xalqaro hunarmandchilik festivali, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro musiqa folklor festivali, teatr festivallari va boshqa tadbirlarda turkmanistonlik san’at vakillarining ishtirok etishiga e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistondagi madaniyat va san’atga ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida Turkmaniston vakillari uchun kvotalar ajratish, teatr sohasida hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA