Amarant so‘zi qadimgi slavyan tilida «o‘limni inkor etish», «abadiylik» ma’nosini anglatadi. Grekchada esa «so‘limaydigan gul» ma’nosini bildiradi. Chunki, quritilgan amarant 3-4 oy davomida o‘z shakl-u-shamoyilini saklay oladi.

Qadimgi slavyan tabobatida ushbu o‘simlik qarishga qarshi vosita sifatida ishlatilgan. Markaziy Amerika xalqlari – inklar va atsteklar, qadimiy etrussklar va ellinlar ham uni mangu hayot belgisi deb hisoblashgan.

Gultojixo‘roz o‘simligining asl vatani Janubiy Amerika. Bu o‘simlik keyinchalik Shimoliy Amerika, Hindiston, Osiyo mamlakatlari Xitoygacha tarqalgan. Hozirda u Hindiston, Pokiston, Nepal va Xitoyning tog‘li aholisi orasida donli va sabzavot o‘simligi sifatida keng ommalashgan. Yevropa mamlakatlari, jumladan, Rossiya va Ukrainada yetishtirilayotgan bu o‘simlikdan tibbiyotda, pazandachilikda, kosmetologiyada, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida keng foydalanilmoqda. Ayrim mamlakatlarda amarant to‘pgullari va barglari uchun dekorativ o‘simlik sifatida ham yetishtiriladi. Uning 65 ta navi va 900 dan ortiq turlari mavjud.

Respublikamizda amarant, asosan, manzarali ekin sifatida yetishtiriladi. Xo‘roz tojini eslatuvchi «gultojixo‘roz» deb nom olgan qizil rangdagi amarant o‘lkamizda keng tarqaldi. Ilmiy tadqiqotlar davomida aniqlanishicha uning moyi tibbiyotda xolesterinni biosintez qilishda, organizmni radionuklid, og‘ir metall tuzlaridan tozalashda, yuqumli kasalliklar, gerpes, psoriaz, vitiligo, neyrodermit, ekzema, atopik dermatit, oshqozon-ichak yaralari, qandli diabet, jigar xastaligi, jinsiy organlarning shamollashi, ateroskleroz, anemiya, avitaminoz, stenokardiya, gipertoniya, onkologik va yurak qon-tomir xastaliklaridagi muammolarni hal qilishda keng foydalaniladi. U immunitetni keskin oshiradi, kamqonlikka qarshi kurashda tengsiz vosita hisoblanadi.

Bu borada bugun o‘zbek olimlari tomonidan chuqur ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, Toshkent davlat agrar universiteti Dehqonchilik va melioratsiya kafedrasi professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Xolik Allanov o‘z tadqiqotlari bilan amarant o‘simligining ko‘plab noyob xususiyatlarini kashf etdi.

Bioorganik kimyo instituti olimlari tahlili amarant silosidagi oqsil makkajo‘horinikiga qaraganda 6.5 marta yuqoriligini ko‘rsatdi. Ushbu o‘simlikning nafaqat tibbiyot, balki qishloq va xalq xo‘jaligidagi iqtisodiy ahamiyati ham beqiyos. Hozirda uning moyi bilan birgalikda uni, barglari, ildizi, kunjarasini qimmatbaho vitaminli dorivor vositalar sifatida eksport qilish istiqbollari o‘rganilmoqda.

Shuningdek, parrandachilikda to‘yimli, servitamin ozuqa sifatida tuxum sonining ko‘payishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, u kosmetologiyada bebaho xom ashyo sanaladi.

Sanjar Toshpo‘latov,  

Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA