Munosabat

Bugungi kun ayoli qonuniy haq-huquqlarga, kasb-korga, bilim-salohiyatga, katta imkoniyat va sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy ayol sifatida hurmat va ehtiromga loyiqdir. U jamiyatning barcha jabhalarida aql-zakovati bilan o‘zini namoyon eta olmoqda. Zero, butun xalqimiz, asosan, xotin-qizlarimiz uchun farovon hayot barpo etish, har tomonlama  qo‘llab-quvvatlash, orzu va maqsadlarini, iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.

Quyidagi raqamlarga bir nazar tashlaylik. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017-yildagi 27 foizdan 35 foizga yetdi, so‘nggi 5-yilda O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi, so‘nggi yetti yil ichida 5 ming 247 nafar, o‘tgan yilning o‘zida esa 147 nafar xotin-qiz fan doktori, 1 ming 238 nafari falsafa doktori ilmiy darajasiga erishdi. Hozir oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning 653 ming nafari, magistraturada o‘qiyotgan yoshlarning qariyb 60 foizini qizlar tashkil etayotgani har birimizda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Darhaqiqat, bugun dunyoda murakkab va og‘ir vaziyat, iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan bir sharoitda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratilmoqda. “Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi” deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlariga ham alohida e’tibor qaratilayotganidan barchamiz xabardormiz. Bugun xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotiy muammolarini tizimli hal etib borishning eng samarali mexanizmlari joriy etilgani qancha-qancha ayollarning orzu-umidlari ro‘yobga chiqishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, uy-joyli bo‘lish oila mustahkamligining eng muhim asosi, muqaddas qo‘rg‘onidir. Shu jihatdan xotin-qizlarga ajratilgan 6 trillion so‘mlik ipoteka krediti hisobidan 25 mingdan ziyod oila o‘z uylariga ega bo‘lgani, bu borada 6 ming 200 nafar ayolga uy-joy sharoitini yaxshilash va kreditning boshlang‘ich badalini to‘lash uchun 200 milliard so‘m subsidiya ajratilgani bu oilalar, ayniqsa, unda kamol topayotgan farzandlarga qanchalik quvonch baxsh etganini tasavvur qilish qiyin emas.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu kabi ezgu ishlarning davomi sifatida xotin-qizlarning sog‘ligini mustahkamlash, ularning bandligini ta’minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalariga yanada kuchli e’tibor qaratilganini ko‘ramiz.

Prezidentimizning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bugungi tahlikali zamonda jahon miqyosida kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik, hayotga yengil-yelpi, iste’molchilik kayfiyati bilan qarash kabi xatarlardan yoshlarimizni himoya qilish o‘ta dolzarb masalaga aylanayotganini ta’kidlab, yurtimizdagi barcha ayollarga murojaat qildi.

Darhaqiqat, oilada farzand tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtlariga kirib borish, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilish, farzand va nabiralarimizning o‘qishi, davomati masalasi, axloq-odobi bilan qiziqish biz ayollar, onalar, buvijonlarning asosiy vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.  Chindan ham bolalarimizni bilimli va aqlli, oqni qoradan ajrata oladigan, el-yurtimizga sodiq, hayoli va iboli, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz zarur. Tan olishimiz kerak, oramizda boylik, shon- shuhrat  orttirish, hashamatli hayot qurish va yoki oddiy kundalik tashvishlar bilan o‘ralashib, farzandi tarbiyasiga befarq bo‘layotgan, o‘qituvchisi, tarbiyachisi bilan muloqot qilib, o‘g‘li, qizi yoxud nabirasining xulq- atvori, o‘qishi, davomati xususida oyda yilda bir marta so‘rab surishtirmaydigan ayollar ham bor. Zero farzand tarbiyasi bu – bolani oq yuvib, oq tarash, yaxshi yedirib-ichirish, yaxshi kiydirishgina emas, balki uning ong-tafakkuri, bilim-saviyasi, dunyoqarashini ham tarbiyalash demakdir.

Shu o‘rinda jadid bobolarimizdan biri Abdullo Avloniyning yoshlar tarbiyasi haqidagi quyidagi so‘zlarini eslab o‘tish joiz. “Tarbiyani tug‘ilgan kundan boshlamoq, vujudimizni quvvatlantirmoq, fikrlarimizni nurlantirmoq, axloqimizni go‘zallantirmoq, zehnimizni ravshanlantirmoq lozim ekan. Tarbiyani kim qiladi? Qayerda qiladi? degan savol keladi. Bu savolga: Birinchi uy tarbiyasi, bu ona vazifasidir. Ikkinchi maktab va madrasa tarbiyasi, bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidir…”

Ko‘rinib turibdiki, alloma ajdodlarimiz ham farzand tarbiyasidagi birinchi mas’ul inson bu ona ekanligini ta’kidlashgan va bu tariximizda o‘z isbotini ham topgan. Zero, biz asrlar davomida faxrlanib kelayotgan, diyorimiz dovrug‘ini dunyoga tanitgan buyuk allomalarimiz, adib va shoirlarimizni dunyoga keltirib, butun borlig‘ini  fido qilib tarbiyalagan Sayroymulkxonim, Gavharshodbegim, Nodirabegim, Uvaysiy kabi oqila, dono onalarimizni bir eslaylik. Ayol zoti uchun juda og‘ir bo‘lgan davrlarda ular qilgan ishlarni, shunday katta sharoit va imkoniyatlar zamonida yashab  biz qila olmaymizmi?  Aslida oilaning ma’naviy qo‘rg‘oni bu  ayol, onadir.

Prezidentimiz o‘z nutqida ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerakligini, “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan g‘oya asosida bu jarayonni, avvalo, oiladan, mahalladan boshlashimiz lozimligini ta’kidladi. Darhaqiqat, ezgulikni shior qilar ekanmiz, ma’rifatli bo‘lishimiz kerak,  ma’rifat bo‘lmagan joyda ezgulik sodir bo‘lmaydi, degan xulosaga kelamiz. Demak, bugun oilaga ham, farzand tarbiyasiga ham ma’rifat bilan, aql-idrok bilan yondashish lozim.

Bunday yondashuvni hayotga tatbiq etish nafaqat xotin-qizlar tashkilotlari, mahalla faollari yoki targ‘ibotchilar, balki shu tinch va osoyishta yurtda nafas olib, barcha ne’matlardan bahramand bo‘lib umrguzaronlik qilayotgan, farzand ko‘rib onalik maqomiga, nabira ko‘rib momolik maqomiga musharraf bo‘lgan har bir ayolning birinchi vazifasiga aylanmog‘i kerak.

Nazira Matyaqubova,  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,  

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.  

O‘zA