Italiyada boks bo‘yicha “Parij-2024″ Olimpiya o‘yinlariga litsenziya beruvchi musobaqada hamyurtlarimiz Navbahor Hamidova niderlandiyalik Luna Amaro Beeloogani, Aziza Zokirova ukrainalik Karolina Maxoni, Lazizbek Mullajonov togolik Kevin Kuadjovini, Ruslan Abdullayev kosovolik Shpetim Bajokuni o‘z vazn toifalarida mag‘lub etdi. E’tiborlisi, Ruslan yana bir jangda g‘olib bo‘lsa, Olimpiya yo‘llanmasini naqd qiladi.

Bugungi janglarni -50 kg. vaznda Sabina Boboqulova boshlab beradi. U soat 17:30 dan so‘ng irlandiyalik Daina Moorehousega qarshi ringga ko‘tariladi. Shundan so‘ng-80 kg. vazn toifasida To‘rabek Habibullayev chorak final yo‘llanmasi uchun fransiyalik Yojerlin Sesar bilan bahs olib boradi.

Vazni -57 kg. bo‘lgan Sitora Turdibekova chorak finalda polshalik Julia Szeremetani sinovdan o‘tkazadi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Sitora ushbu bosqichdan g‘alaba bilan o‘tadigan bo‘lsa, navbatdagi jangi Olimpiada litsenziyasi uchun bo‘ladi. Shuningdek, -71 kg. vaznda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kolumbiyalik Alexander Rangel bilan navbatdagi bahsini o‘tkazadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA