Turkiyaning Antaliya shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘tayotgan “Yasar Dogu & Vehbi Emre” xalqaro turnirining dastlabki kungi bellashuvlarida mamlakatimiz vakillari 3 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Ozarbayjon, Eron, Rossiya, Qirg‘iziston, Turkiya kabi 10 dan ziyod davlat vakillari ishtirok etayotgan musobaqada yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolaridan Mahmud Baxshulloyev 67 kilogramm vazn toifasida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, yosh kurashchilarimizdan Abror Ataboyev va ayollar kurashida Shohida Ahmedova bronza medaliga ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 10-martga qadar davom etadigan xalqaro turnirda mamlakatimizning erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha 30 nafar a’zosi medallar uchun kurash olib bormoqda.

T.Ro‘ziyev, 
O‘zA