Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida joylashgan “Kingdom Arena” majmuasida professional boks oqshomi o‘tkazildi.

Unda birinchi o‘rta vazn toifasida hamyurtimiz professional boks ustasi Isroil Madrimov “WBA” chempionlik kamari uchun rossiyalik Magomed Kurbanovga qarshi ringga ko‘tarildi. 12 raund etib belgilangan chempionlik jangining beshinchi raundida Isroil raqibini nokautga uchratgan holda g‘alaba qozondi. Buning natijasida I.Madrimov “WBA” chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Isroil Madrimov mamlakatimiz professional boksi tarixida Murodjon Ahmadaliyevdan so‘ng chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan ikkinchi bokschi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, I.Madrimov professional boksdagi faoliyatida o‘n birinchi jangini o‘tkazdi. Bokschimiz ushbu bahslarning o‘ntasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, bitta durang qayd etgan.

Magomed Kurbanov esa bugun faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. U shu kunga qadar 25 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan edi.

Shuningdek, ushbu kechaning markaziy jangida og‘ir vazn toifasida britaniyalik bokschi Entoni Joshua kamerunlik Frensis Ngannuga qarshi ringga ko‘tarildi va 10 raund etib belgilangan jangning 2-raundida Joshua Ngannuni nokautga uchratdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA