Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yarashuv instituti samarali qo‘llanilib kelinayotgani jamiyatimizda insonparvarlik tamoyilini kuchaytirishga, taraflarning manfaatlariga va kelgusida jinoyatchilikning oldini olishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan yarashuv institutiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirish belgilanmoqda.

— Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi moddalar sonini 12 tadan 15 tagacha ko‘paytirish orqali yarashuv to‘g‘risidagi institutni qo‘llash doirasini kengaytirish taklif etilmoqda, — dedi deputat A.Shodmonov. — Bu o‘z navbatida, odamlar, ayniqsa, qarindoshlar, yaqinlar va tanishlar o‘rtasida kelishtiradigan tartibning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni dekriminalizatsiya qilib, uni ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazish, shuningdek, ushbu huquqiy normani yangi kvalifikatsiya belgilari bilan to‘ldirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashuv instituti ta’sir etish doirasining kengaytirilishiga hamda mamlakatimizdagi kriminogen vaziyatning yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, deputat loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida kiritilgan o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot berib o‘tdi. Qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA