Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki xulosasiga ko‘ra, Qozog‘iston iqtisodiyoti 2024 yil bir muddat sekinlashganiga qaramay, 2025 yilda 5,5 foiz o‘sadi, deb yozdi “Kazinform” agentligi.
Bankning “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbol” nomli hisobotida ta’kidlanishicha, 2024 yil Markaziy Osiyo iqtisodiyotida rivojlanish susayib, 5,4 foizgacha tushishi mumkin. 2025 yil esa o‘sish 5,9 foizgacha tiklanadi. O‘zbekistonda YAIM o‘sishi 2024 yil 6,5 foiz, 2025 yil 6,0 foizni tashkil etadi.
***
Kuni kecha suiqasdni boshidan o‘tkazgan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitsoni yana bir jarrohlik amaliyoti kutmoqda, deb xabar tarqatdi “Pravda” nashri.
Qorin qismidan qon ketishi to‘xtatilgan, biroq son bug‘imida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kerak deyilgan xabarda.
***
XXR tashqi ishlar vaziri Van I 18-21 may kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etadi hamda Qozog‘iston va Tojikistonga rasmiy tashrif bilan boradi, dedi XXR TIV rasmiy vakili Van Venbin brifingda.
***
Serbiya politsiyasi Prezident Aleksand Vuchichga tahdid qilgan shaxsni qo‘lga oldi, deb bayonot berdi mamlakat ichki ishlar vaziri.
Vuchichning o‘zi ham o‘ziga va oila a’zolariga nisbatan ijtimoiy tarmoq orqali muntazam ravishda tahdidli haqorat kelayotganini bir necha marta aytgan.
***
Xitoy dunyoda birinchi bo‘lib dron tashishga ixtisoslashgan kema qurdi, deb yozdi “Naval News” portali.
Yanszi daryosi o‘zanida yangi avia tashuvchi paydo bo‘ldi, deyilgan xabarda. Bu Xitoyning avval ma’lum qilinmagan to‘rtinchi kemasi.
***
Kanadada o‘rmon yong‘ini maydoni bir kunda ikki barobar kengayib, 21 000 gektarga yetdi. Seshanba kuni bu raqam 10 000 edi. Ayni payt alanga Vud Baffalo ma’muriy aholi manziliga, jumladan Fort-Makmyurrey shahriga juda yaqin kelib qolgan. Mazkur hudud 2016 yil ham yong‘indan mislsiz talofat ko‘rgan edi.
***
Lourens Von Singapurning yangi Bosh vaziri bo‘ldi. Chorshanba kuni u mamlakat Prezidenti rasmiy qarorgohida qasamyod qildi.
Lourens Von 2004 yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan Li Syan Lun o‘rnini egalladi, deb yozgan “The Straits Times” nashri.
***
Qozog‘istonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash o‘tgan yil 7,7 milliard dollarni tashkil etdi, deb yozdi “Kazinform” agentligi.
Mamlakat savdo vazirligi ma’lum qilishicha, savdo aylanmasini yaqin 5-10 yil ichida O‘zbekiston bilan 10 milliard dollarga, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
***
Qirg‘izistonning oltin-valyuta zaxirasi qiymati mamlakat tarixida eng yuqori ko‘rsatkichga chiqib, 3 milliard 625 million dollarga yetdi. Bu haqda mamlakat Milliy banki raisi Kubanichbek Bokontayev “Kabar” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
MB ixtiyorida 2024 yil aprel holatida saqlanayotgan oltin miqdori taxminan 52 tonna atrofida ekani ma’lum qilingan.
S.Rahimov, O‘zA