Tatariston poytaxti Qozon shaxrida Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA OIC) va “Tatmedia” agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Zamonaviy dunyo va IHT mamlakatlarida axborot sohasini o‘zgartirishning asosiy tendensiyasi” media forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur anjuman IHT tashkil etilganining ellik besh yilligiga bag‘ishlandi.

“Tatmedia” rahbari Aydar Salimgarayev ushbu forum Rossiya va islom dunyosi mamlakatlari sherikligining muhim platformasiga aylanib, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot uchun darvoza vazifasini o‘tashi, axborot sohasida qo‘shma tashabbuslar, amaliy harakatlar rejasi ishlab chiqishga ko‘maklashishini ta’kidladi. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar aniq natijalarga olib kelishiga ishonch bildirdi.

IHT axborot agentliklari ittifoqi bosh direktori Muhammad Abd Rabbo Al-Yamiy forum Rossiya va Ittifoqdagi media institutlari hamkorligi doirasida xorij OAVdagi o‘zgarishlar va jadal rivojlanish jarayonini muhokama qilish maqsadida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

Din va madaniyatlar o‘rtasida sivilizatsiyaviy muloqot o‘rnatish, yonma-yon yashashni rivojlantirish, nafrat hissi va islomofobiyaga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etish hamda xalqlar o‘rtasida bag‘rikenglik va yaqinlikni yoyishga hissa qo‘shadigan maqolalar tayyorlash zarurligini qayd etdi.

“Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi raisi o‘rinbosari Farit Muxametshin anjuman Rossiyadagi media institutlari va IHT mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash doirasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratdi.

Rossiyaning IHTdagi doimiy vakolatxonasi xodimi Natalya Tartinova, Turkmaniston media agentligi tijorat bo‘yicha direktori Nurmirat Yilqiboyev, “Viory” agentligi kontent bo‘yicha direktori Yekaterina Mavrenkova ushbu forum media aloqalarni mustahkamlashda muhim g‘ildirak rolini o‘tashiga urg‘u berdi.

“Birlashish va parchalanish o‘rtasidagi media makon” deya ta’riflangan ikkinchi sessiyada Iroq axborot agentligi bosh direktori Sattor Giyod, Eron axborot agentligi (IRNA) bosh direktori Ali Nodiriy, Indoneziya telekanali rezident-direktori Imon Brotoseno, “RT Arabik” direktori Maya Manna va “Sputnik” xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktori Vasiliy Pushkov ishtirok etdi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, forum Rossiyadagi OAV institutlari va islomiy mamlakatlardagi hamkasblar o‘rtasida shartnoma imzolash bo‘yicha rasmiy marosim bilan yakunlanadi.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA