Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishlarda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda 2024-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy ustuvor vazifalar va yo‘nalishlar belgilab berildi.

Ushbu belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining ishchi guruhlari joylarda o‘rganishlar olib bormoqda. Guruhlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a, Beruniy va Nukus tumanlariga chiqqan holda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilish holatini o‘rganib borish  maqsadida  sohalar bo‘yicha ishlab chiqilgan so‘rovnomalar bo‘yicha  o‘rganishlar olib borishga  kelishib olindi.

Ishchi guruh tomonidan belgilangan vazifalar ijro etilish holatini har oyning oxirgi haftasida monitoring qilish, mamlakatni 2024-yilda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilab berilgan har bir vazifaning mazmun-mohiyatini joylarda tushuntirish ishlarini tashkil etishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish, bozor iqtisodiyoti munosabatlari sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning chuqurlashuvi natijasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish va boshqa masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhning dastlabki manzili Ellikqal’a tumanidan boshlandi. Dastavval  deputatlar tumandagi uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish va transport sohalaridagi vazifalarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan “Ellikqal’a” ovul fuqarolar yig‘inidagi yangi  massivda olib borilayotgan  qurilish ishlari o‘rganildi. O‘rganishlar davomida qurilish sohasida korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida “Shaffof qurilish”, davlat byudjeti hisobidan qilinadigan barcha xaridlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan “Ye-ombor”, shuningdek, qurilish materiallari klassifikatori elektron platformasini, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish va ovoz berish mexanizmini joriy etishga qaratilgan “Mening hududim” platformalarini ishga tushirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati va ularning samaradorligi, aholi uchun qurilayotgan binolarning sifati,  qulayligi  masalalari muhokama qilindi. Yangi massivda joriy yili 10 ta 5 qavatli uyning qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 6 ta uyning  qurilish ishlari olib borilmoqda.

Ishchi guruh keyingi manzil tumandagi “Aqcha-ko‘l”da turistik rekreatsion hududini tashkil qilish va infratuzilmani barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar  bilan  ham yaqindan tanishdi.  Mazkur hududda pudratchi “Qirqqiz maxsus qurilish” MCHJ jamoasi tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda.

“Saxtiyon” shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi tomorqachi xonadonlari faoliyati ham o‘rganildi. Jumladan, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, yiliga 3 martagacha hosil olishga erishish, shu orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish, mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilindi. Joylarda issiqxonalarni tashkil etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va aholini band qilish, mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni o‘rganish maqsadida mazkur mahalladagi “Umidbek-Odilbek” MCHJ tomonidan tashkil etilgan limon yetishtirishga ixtisoslashtirilgan issiqxona faoliyati o‘rganildi.

Deputatlar issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, o‘zlarining fikrlarini bildirdi. Ishchi guruhning o‘rganish ishlari tumanlarda davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri