Har kuni birgina qo‘limizdagi telefon orqali yuzlab yangiliklardan boxabar bo‘lamiz. Lekin biz tanishayotgan turli mazmundagi ushbu xabarlarning hammasini ham xolis, haqqoniy, deb bo‘lmaydi.

Bilamiz, axborot tayyorlovchi va tarqatuvchida gap ko‘p. Shu o‘rinda bir misol. To‘rtta tashkilot hamkorligida o‘tkazilgan tadbirni har bir idora o‘z korxonasi manfaati nuqtayi nazaridan yoritadi. Endi xorijda bo‘lib o‘tayotgan muhim jarayonlar haqidagi axborotlarni ikkinchi yoki uchinchi manba orqali olishni o‘ylab ko‘ring. Ular axborot mazmunini sezdirmasdan biroz o‘zgartirib, o‘z qarashlaridan kelib chiqib taqdim etishi ham mumkin. Tabiiyki, buni hamisha ham anglash qiyin. Qolaversa, har doim ham xabarni tekshirishga vaqt, hafsala bo‘lmaydi.

Xalqaro mediamakonda raqobat kuchaygan hozirgi kunda dunyodagi OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan axborotlarda qanday g‘oya va maqsadlar yashirin ekanini to‘liq payqash mushkul. Axborotlar bir qarashda ishochli ko‘rinadi – voqea joyidan, muayyan manfaatdan kelib chiqqan holda, o‘ta ustakorlik bilan olingan rasm va videolar, intervyular e’lon qilinadi, mazkur jarayonda biz ular qayta ishlanishi-o‘zgartirilishi mumkinligini ham yodda tutishimiz kerak. Sir emas, keyingi paytlarda bu borada ham sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish holatlari uchramoqda, ko‘paymoqda. Bu esa xalqaro mediamakon materiallarida g‘arazli maqsadlar yo‘lida soxtakorlik ko‘payishi ehtimoli mavjudligini bildiradi.

Shunday ekan, ayni holat jurnalist va blogerlarimiz, ijodkorlarimiz o‘ta xushyor va ogoh bo‘lishi lozimligini, sohaga oid zamonaviy bilimlarni mukammal egallab borishi zarurligini, zamon bilan hamnafas, hatto bir qadam oldinda yurishi kerak va shartligini ko‘rsatadi.

Bugungi rivojlanishlar jarayonida axborot xurujlari eng katta tahdidlardan biriga aylandi. Shu yil 12-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratish, axborot xavfsizligi masalasiga bejiz alohida e’tibor qaratmadi.

Lug‘atlarda milliy so‘ziga “xalqona, millatga tegishli, diniy, biron mamlakat, davlat va uning aholisiga oid, biron millatning, xalqning o‘ziga xos bo‘lgan, uning xususiyatlarini ifodalovchi” deb, kontent so‘ziga esa “o‘z-o‘zini ifoda etish, tarqatish, marketing yoki nashr etish uchun nutq, yozuv yoki turli xil san’at turlari kabi biron-bir vosita orqali ifodalanishi kerak bo‘lgan axborot vositasi” deya izoh beriladi. Bundan milliy kontent tushunchasi qamrovi kengligi anglashiladi.

Avvalo, milliy kontent deganda, milliy manfaatlarimizni nazarda tutgan holda yurtimiz va dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida tayyorlangan xolis, haqqoniy materiallarni tushunamiz.

Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fan, ta’lim, iqtisodiyot, madaniyat, tadbirkorlik, san’at, sport, qo‘yingki, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, muammolar va erishilayotgan yutuqlar yoritiladigan har jihatdan pishiq-puxta, sifatli media mahsulotlar ham milliy kontentni boyitishga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz tarixi va o‘ziga xos jihatlari, geografiyasi, milliy davlatchiligimiz, jadid bobolarimiz, ulug‘ sarkardalarimiz, ajdodlarimiz hamda ijodkorlarimiz hayoti va faoliyati, milliy mentalitetimiz,  yurtimiz tabiati, milliy manfaatlarimiz, o‘zbek tili, urf-odat va an’analarimiz haqida tayyorlanadigan ijodiy ishlar ham milliy kontent sirasiga kiradi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining 2019-yil 17-iyul kuni bo‘lib o‘tgan IV konferensiyasida qabul qilingan O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi oltinchi bo‘limida “Jurnalist qanday mavzuga qo‘l urmasin milliy o‘ziga xoslik, milliy ma’naviyat va axloqiy qadriyatlarga, shu bilan birga boshqa millat va elatlarning urf-odat va madaniyatiga nisbatan hurmat saqlaydi. Materialni tarqatishda adabiy til qoidalariga amal qiladi. Jurnalist mamlakatning axborot makonidagi nufuzi va jahon axborot maydonidagi imijiga putur yetkazmaslikka intiladi”, deyilgan. Ayonki, jurnalistik material – milliy kontent tayyorlashning ham mas’uliyati bor. Qolaversa, ommaga keng tarqatiladigan kontent ishonchli, xolis va adolatli, o‘quvchi uchun qiziqarli bo‘lishi, unga nimadir – ma’no-mazmunli axborot berishi kerak. Bunday materiallar tayyorlash uchun esa muallif yetarlicha bilim va malakaga, mahoratga ega bo‘lishi lozim.

Dunyoda kechayotgan hozirgi siyosiy vaziyat milliy kontent yaratish va ko‘paytirish masalasi o‘ta dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Axborot xavfsizligini ta’minlash esa milliy xavfsizlik sohasida muhim vazifa sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Kezi kelganda aytish joizki, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi axborot kodeksi” loyihasining  to‘rtinchi bo‘limi axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan. Kodeks loyihasiga shaxsning axborot xavfsizligi, jamiyatning axborot xavfsizligi, davlatning axborot xavfsizligi, ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, onlayn-platformalarda xavfsizlikni ta’minlash kabi moddalar kiritilgani e’tiborga molikdir.

Shu kunlarda takomillashtirilayotgan mazkur axborot kodeksining qabul qilinishi natijasida jurnalistika va axborot sohasining huquqiy asoslari yanada mustahkamlanadi, media sohaga oid tarqoq holdagi, biroq mazmunan o‘xshash bo‘lgan mavjud qonunlar bitta normativ-huquqiy hujjat shakliga keladi. Boshqacha aytganda, sohaga oid qonunchiligimizda yuzaga kelgan bo‘shliq to‘ldiriladi.

Har kuni dunyoda qanchadan-qancha voqea-hodisalar ro‘y beradi. Turli qarama-qarshiliklar, qurolli to‘qnashuvlar, bir davlat ikkinchisiga ta’sir o‘tkazishga urinish hollariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu boradagi axborotlarning asosiy qismini xorij OAVlaridan olyapmiz. Ammo dunyo hayotiga oid axborotlarni ikkinchi yoki uchinchi manbadan olishni bosqichma-bosqich kamaytirish chora-tadbirlarini ko‘rish nihoyatda dolzarb. Shuning barobarida, xalqimizning mediasavodxonligi va ma’naviyatini oshirish, barcha turdagi OAV, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar o‘zbek segmenti uchun milliy kontentni ko‘paytirish juda muhim.

Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo‘lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumot, real voqealarga bo‘lgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi”.

Ommaviy axborot vositalari soni ko‘payib, ijtimoiy tarmoqlar shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Ular tarqatayotgan xabarlar soni oshgandan oshmoqda. Shunga qaramasdan, uyqudan uyg‘ongandan to uyquga ketgunimizcha yangilik qidiramiz.

Umuman olib qaraganda, milliy media xalqimizning axborotga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirmoqda, deya olmaymiz. Shunday ekan, mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy bo‘limlari oldida bu boradagi ishlarni jonlantirish bo‘yicha mas’uliyatli vazifalar turibdi.

Ana shu vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan ish rejamizdan soha yetakchilari va olimlari, tajribali va taniqli ustoz jurnalistlar ishtirokida ommaviy axborot vositalari – gazeta va jurnallarda, internet nashrlarida, teleradiokanallarda, media soha uchun kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida milliy kontent yaratish va uni ko‘paytirish sirlari, ilmiy asoslari  bo‘yicha seminar-treninglar, davra suhbatlari o‘tkazish ham o‘rin olgan.

Milliy kontent tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu boradagi ishlar doirasida “Eng yaxshi milliy kontent” respublika tanlovini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida milliy kontentni ko‘paytirishga qo‘shgan hissasi uchun”, “Jadidlar haqidagi eng yaxshi materiallar uchun”, “Bolalarni kitobxonlikka qiziqtirgan blog-postlar uchun”, “Internet tarmog‘ida e’lon qilingan eng yaxshi milliy kontent uchun” kabi sakkizta nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda internet nashrlarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar, shuningdek, blogerlar qatnashishi belgilangan.

Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad – jurnalist va blogerlarimizning bilimi, malaka va tajribasini, faolligini oshirish, qolaversa, yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaralari keng yoritilishiga erishish hamda xalqimizga dunyo va yurtimizda bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida ishonchli axborot-milliy kontent taqdim etish, uni ko‘paytirishga hissa qo‘shishdan iboratdir.


Xolmurod Salimov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi.