Poytaxtimizda Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy masalalarni hal etishda o‘zaro hamkorlik istiqbollari” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Senati, Adliya vazirligi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.

Unda mamlakatimizdagi NNTlarni qo‘llab-quvvatlash, yaratilayotgan shart-sharoitlar, sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash borasida olib borilayotgan amaliy harakatlar muhokama qilindi.

Tadbirda qayd etilganidek, hozirgi kunda NNTlar soni 9 mingdan ortdi. NNTlar tadbirkorlik, fermerlik, ekologiya, sport, inson huquqlarini himoya qilish, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bor shaxslar bilan ishlash, sog‘liqni saqlash, ta’lim, texnika, fan va ilmiy-tadqiqot hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda.

Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida viloyatlar markazida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etilib, ko‘plab nodavlat notijorat tashkilotlarining bino bilan bog‘liq muammolari hal etildi. Ularning ijtimoiy foydali faoliyatini yanada yaxshilash uchun axborot-resurs markazlari tashkil etildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan nodavlat notijorat tashkilotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024-yilda Davlat byudjetidan 1.8 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘lar aholining ijtimoiy muammolarini hal qilishga qaratilgan loyihalarga va albatta, NNTlarning texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilmoqda.

Qolaversa, “uchinchi sektor” uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus farmoni bilan 2025-yilga qadar 750 nafar NNT rahbarlarining malakasini oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shu kunga qadar 300 nafar NNTlar vakillari Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitildi.

Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining jamiyatimizning barcha sohalaridagi tashabbuslari ortib bormoqda. Ayniqsa, davlat dasturlari, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasida o‘zlarining takliflarini bildirib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, davlat dasturlari ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlarini ham o‘tkazmoqda.

Tadbirda ana shunday faol, izlanishi, tashabbuskorligi bilan jamiyatda o‘z o‘rnini topa olgan bir guruh nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA