Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 82,7 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi 7 ming 563 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 450 nafar shaxs topilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan 6 ming 455 jinoyat aniqlangan.

Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Natijada 2023-yil yakuni bo‘yicha 2 ming 972 mahallada jinoyat sodir etilmagan. Jinoyatlar ko‘paygan 2 ming 298 mahalla “qizil” toifaga kiritilgan.

Bu raqamlar Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.

IIVning 2023-yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida tegishli vazirlik va idoralar bilan olib borgan hamkorlikdagi ishlari yuzasidan eshitilgan axborotida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 40 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgani ta’kidlandi.

Muhokamalar jarayonida 2023-yilda 104 ming 96 jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 74 ming 202 tasi yoki 71,3 foizi hisobot yilida sodir etilgani aytib o‘tildi. Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga 289 tadan to‘g‘ri kelgan. Ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 735 tani, Toshkent viloyatida 415 tani, Sirdaryoda 378 tani, Farg‘onada 328 tani tashkil etgan.

Profilaktika inspektorlari faoliyatining sustligi oqibatida oldini olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan jinoyatlar hanuzgacha jami jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh aynan Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida mazkur yo‘nalishda o‘rganishlar o‘tkazgan. Aniqlangan ko‘plab kamchiliklarni tezkor ravishda bartaraf etish yuzasidan zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan.

Majlisda Toshkent shahri, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari boshqarmalari mas’ul rahbarlarining ham axborotlari tinglandi.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolgani oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilayotganiga e’tibor qaratildi. Jumladan, 2023-yilda sodir etilgan 363 ta qotillikning 141 tasi yoki 38,8 foizi oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqan.

Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar 2022-yilga nisbatan 5,3 foizga ortgan. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, 12 mingga yaqin ishsiz shaxslar tomonidan jinoyatlar sodir etilgani joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatadi.

Avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmagani sababli 2023-yilda 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan. Shundan 13 milliondan ko‘pi qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin  transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq  piyodalar qoidabuzarligini tashkil etgan.

10 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ularda 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Eng achinarlisi, 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 ming 794  yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 ming 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.

Majlisda jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi va bu borada tegishli tavsiyalar berildi.

N.Abduraimova, O‘zA