Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Mazkur muhim hujjatda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni 2024 yilda samarali amalga oshirishga oid muhim vazifalar belgilab berildi.
Farmonga muvofiq, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshiriladi?
Bu savolga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlari” kafedrasi dotsenti, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zarina Isroilova javob berdi:
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur farmonida xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratishdek muhim maqsadlar ilgari surilgan. Bu har bir yurtdoshimizga taalluqli bo‘lib, hech kimni befarq qoldirmaydi.
Ayniqsa, yoshlarning salohiyati, iste’dodi va tashabbuslarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilangani kelajagimiz egalari bo‘lgan yigit va qizlarda intilishni, ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada yuksaltiradi.
Demak, shu asosda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 2024 yil 1 martdan boshlab mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) bo‘yicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etiladi.
Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda xalq erkin va farovon yashaydi. Shu nuqtai nazardan farmonda qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan.
2024 yil 1 mayga qadar adashgan yoshlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoshlarni probatsiya hisobidan chiqarish amaliyoti joriy etiladi. Ularni profilaktik hisobga olish asoslari keskin qisqartiriladi.
Darhaqiqat, katta yo‘l boshida adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish mumkin. Shu nuqtai nazardan mana shunday adashgan yoshlarga imkon berish, ularni tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘lga solish masalasi qo‘yilgan. Buning amalda ta’minlanishi adashgan yoshlarning o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarishiga imkon beradi.
Farmonga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalari buzilishi holati yuzasidan yuboriladigan qaror va xabarnomalar bo‘yicha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Bu ham fuqarolarimizga yaratilayotgan qulayliklar doirasini yanada kengaytirishi bilan ahamiyatlidir.
Yana bir e’tiborli jihat shuki, strategik hujjatga ko‘ra, “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosat izchil davom ettiriladi.
Bu yo‘nalishda Qurolli Kuchlar, sohaga mas’ul boshqa vazirlik va idoralarning kiberxavfsizlik hamda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha salohiyati keskin oshiriladi.
Bu borada kiberxavfsizlik infratuzilmasining muhim elementlari hisoblanuvchi axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi uchun har bir vazirlik va idorada mas’ul shaxslar javobgarligi belgilanadi.
Mazkur yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikalarini zamonaviy tahdid va tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish choralari ko‘rib borilishi belgilandi.
Mamlakatimizning raqamli va harbiy-tibbiy infratuzilmasini takomillashtirish, mas’ul idoralarni zamonaviy texnika va tibbiyot apparaturalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlash dasturi amalga oshiriladi.
Fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarining himoyasini kafolatli ta’minlash bo‘yicha, shuningdek, bank va to‘lov tizimlari uchun firibgarlikka qarshi va zamonaviy biometrik tizimlar joriy etiladi.
Bularning barchasi xalqimizning hayot darajasi yanada yaxshilanishiga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA