Yana 30 yildan keyin O‘zbekistonni nimalar kutmoqda? Mamlakatimiz The Global Innovation Index jahonning eng innovatsion mamlakatlari top-50 ro‘yxatiga kirishi uchun nimalar qilinishi kerak?
6 iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMTning Taraqqiyot Dasturi hamkorligida “O‘zbekistonning innovatsion rivojlanishda tanlagan yo‘li” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati ayni shu masalalarga bag‘ishlandi.
Unda mamlakatimizning innovatsion taraqqiyoti yo‘nalishlarini aniqlab beruvchi asosiy hujjatlardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish e’tibor markazida bo‘ldi. Strategiyaning asosiy maqsadi – innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tish orqali jamiyat farovonligini mustahkamlash va barqaror taraqqiyotni ta’minlashdan iboratdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonning innovatsion strategiyasini yaratish bo‘yicha vazifa topshirilgandi, – deydi, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov. – Buni oddiy yo‘l orqali, bir xonaga hamma ekspertlar yig‘ilgan holda ertalabgacha tezkorlik bilan tayyorlab berishimiz mumkin edi. Lekin, biz bu yo‘lni tanlamadik. Muddat 1 aprel edi, uni surishni so‘radik va bu muddat 1 iyulga surildi. Maqsad bitta – bu hujjat mukammal bo‘lishi hamda u qog‘ozda qolib ketmasligi va amalda haqiqatdan ham ishlashi kerak.
– Dunyo innovatsion indeksidagi hozirgi holatimizni qoniqarli deb bo‘lmaydi, deb so‘zida davom etadi Sherzod Shermatov. – 2015 yildagi ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston reytingda 122-o‘rinni egallagan. Undan keyingi hisobotlarda mamlakatimiz hattoki tushib ham qolgan. Sababi, O‘zbekiston haqida to‘liq ma’lumot bo‘lmagan. Reytingning top-50 davlatlari ro‘yxatiga kirishni maqsad qilganmiz, deb niyat qilishimiz mumkin edi, lekin uning barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘tarilib bo‘lmaydi. Albatta, biz birinchi o‘ringa harakat qilishimiz kerak, ammo resurslarimiz chegaralangan. Strategiyani ishlab chiqish jarayonida biz barcha tarmoqlarni qamrab olishga harakat qildik. Fikrlar ko‘p lekin ular tarqoq. Turli xil fikrlarni jamlagan holda asosiy yo‘nalishimizni belgilab olishga imkon bo‘ladi.
– Bugun forsayt bo‘yicha eng ko‘p mutaxassislar qayerda tayyorlanadi bilasizmi? Ishtirokchilarga savol bilan murojat etadi, Aziza Umarova, SMARTGOV.consulting kompaniyasi direktori. – Eron eng ko‘p bakalavr va magistrlarni aynan forsayt bo‘yicha tayyorlaydi. Chunki u uchun 10 yildan keyin qanday kelajak kutayotgani juda muhim. Bu mamlakat embargolar olingandan keyin qanday muammolarga duch keladi. Sanksiyalar uzaytirilsa nima bo‘ladi? Neftning narxi oshsa yoki tushsa qanday choralar zarur bo‘ladi? Bu savollarga bugunoq javob topilsa, zarur yechimlar ham tayyor bo‘ladi. Chunki, forsayt bu mamlakat va jamiyat rivoji uchun qanday alternativ imkoniyatlar borligini hisoblab chiqish imkonini beradi. U juda ko‘p statistik ma’lumotlar (afsuski bu eng og‘riqli nuqtalardan biri) va ular bilan ishlay oladigan tahlilchi mutaxassislarni talab etadi. Siz inqiroz kelishidan qo‘rqmaysiz, balki unga tayyor turasiz.
Davra suhbati davomida O‘zbekiston Respublikasi uchun rivojlanish drayverlari belgilandi, strategiyani amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar aniqlandi va muqobil ssenariylar ishlab chiqildi. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida “Harakatlar rejasi”ni tuzish ishlari boshlandi.
N. Toshpo’latova, O’zA