Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shu orqali ularning yashash sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Mamlakatimizning moliya bozorida deyarli 33 yildan buyon faoliyat olib borayotgan “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bugungi kunda respublika bo‘yicha 21 ta bank xizmati markazi hamda 70 dan ziyod ofisi orqali yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan keng qamrovli transformatsiya jarayonlari natijasida bank o‘z faoliyatida raqamli texnologiyalarni joriy etib, mijozlarga yanada qulay va tezkor bo‘lgan takliflar taqdim etmoqda.
Press-tur ishtirokchilari Orolbo‘yi aholisiga beminnat xizmat qilib kelayotgan “Turonbank”ning “Qoraqalpog‘iston Respublikasi” bank xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi. Ayni vaqtda u o‘ziga qarashli 4 ta ixcham va samarador bank xizmatlari ofisi orqali jismoniy va yuridik shaxslarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirib kelmoqda. Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarga ushbu markaz bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini rivojlantirib kelayotgan ishbilarmonlarning muvaffaqiyatli loyihalari haqida to‘liq ma’lumot berildi.
Dastlabki manzil Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida joylashgan “Kardar academy school” zamonaviy xususiy maktabi bo‘ldi. 2016 yilda o‘quv markazi sifatida ish boshlagan korxona davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan sharoitlar natijasida 2020 yilda yirik ta’lim muassasasini ishga tushirdi. Bugungi kunda bu yerda 330 nafar bola 1 sinfdan 4 sinfgacha boshlang‘ich va 5 sinfdan 9 sinfgacha katta sinflarda bilim olmoqda. Xususiy maktab matematika, informatika va ingliz tili fanlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan bo‘lib, Buyuk Britaniyaning “Cambridge Assessment” metodikasi orqali ta’lim beriladi. O‘quvchilarga kun davomida uch mahal issiq ovqat beriladi. Asosiy darslardan so‘ng esa mentall arifmetika, shaxmat, ingliz tili, raqs, xitoy tili bo‘yicha to‘garaklar tashkil etiladi. Yana bir ahamiyatli jihati xususiy maktabga 60 nafar tajribali pedagog jalb etilgan bo‘lib, ularning qariyb 70 foizi oliy toifali o‘qituvchilardir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘quvchilarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, xalqaro standartlarga javob beradigan ta’lim tashkilotlari faoliyati ni takomillashtirish hamda ushbu jarayonga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi ishlarni amalga oshirishda Prezidentimizning joriy yil 31 yanvardagi “Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va ushbu jarayonga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish imkoniyatlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari “Kardar” brendi ostidagi korxona faoliyati bilan tanishdi. 2012 yil Nukus shahrida o‘z faoliyatini boshlagan “Kardar” brendi ostidagi korxona yog‘och va temir eshik-romlar, yumshoq mebellar va temir buyumlari ishlab chiqarish, shuningdek, temperli shishaga ishlov berish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Qariyb 2 gektar maydonda bugun 10 dan ziyod ishlab chiqarish bo‘limlari mavjud bo‘lib, umumiy hisobda 300 nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Temir, taxta va shishaning 100 dan ortiq turlari mavjud. Yiliga 20 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati qariyb 1,5 million AQSH dollari bo‘lib, shundan 1 million AQSH dollari “Turonbank” ATB “Nukus” bank xizmatlari markazining krediti hisoblanadi.
Korxonaga moliyaviy ko‘mak evaziga Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kelingan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Toshkent shahri, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maxsus savdo markazlari orqali aholiga sotilmoqda. Kelajakda mahsulotlarni qo‘shni
davlatlarga eksport qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Alohida ta’kidlash lozim, korxonada imkoniyati cheklangan fuqarolarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. I guruh nogironligi bo‘lgan Rustem Utegenov ikki yildan buyon shu korxonada faoliyat olib bormoqda. Bu yerga ishga kelganida, payvandlashni bilmas edi. Ustozi Orinbay Anorbayevdan kasb sirlarini o‘zlashtirib oldi. Bugungi kunda o‘zi mustaqil temir panjaralar, turli naqshlar ishlab chiqarmoqda. Korxona rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Murat Shimbergenovning ta’kidlashicha, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus hudud tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda 30 nafar kishi ish bilan ta’minlanib, ularga barcha sharoit yaratib beriladi.
“Kinderland nukus” 2014 yilda xususiy bolalar bog‘chasi sifatida ish boshlagan. Bugungi kunda esa Nukus shahridagi yirik va taniqli ta’lim muassasasiga aylandi. Dastlab faoliyat boshlagan paytda ijarada o‘tirgan tashkilot “Turonbank”ning “Nukus” bank xizmatlari markazi kreditlari evaziga o‘zining zamonaviy binosiga ega bo‘ldi. Bugungi kunda “Kinderland nukus” nafaqat bog‘cha, balki xususiy maktabga ham aylandi. 1 sinfdan 5 sinfgacha bo‘lgan bosqichda 170 nafarga yaqin bola tajribali o‘qituvchilar tomonidan, shuningdek, yana 150 nafari bog‘chada tarbiyalanmoqda. Ta’lim berayotgan 11 nafar pedagoglarning barchasi oliy toifali. Tadbir ishtirokchilari ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan ham tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa avvallari xorijdan olib kelinadigan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosida shisha tolasini ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasini ilgari surgan “Asadbek Glass Fiber” mas’uliyati cheklangan jamiyati uchun 2024 yilda xorijiy investorlar tomonidan 1,5 million AQSH dollari qiymatidagi mablag‘ kiritilishi belgilangan. Hozirda kuniga qurilish sohasida keng qo‘llaniladigan 2,5-3 ming metr kvadrat to‘r to‘qilishi yo‘lga qo‘yilgan korxonada 13 nafar mahalliy aholi ishlamoqda. Hozirda Rossiyaning Dog‘iston Respublikasi bilan hamkorlikda yiliga ming tonna shisha tolasi ishlab chiqarish quvvatiga ega yana bir loyihaning ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushishi bilan 50 ta ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 80 foizi eksportga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Darhaqiqat, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratishga, eng asosiysi, aholining bugungi kundan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA